Inklyuziv ta’lim: Maktablar bunga tayyormi?

Bugun umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim sinflari ochilmoqda, ya’ni jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar ham boshqa tengdoshlari bilan birga o‘qimoqda. Xo‘sh, maktablarda inklyuziv ta’lim qanday yo‘lga qo‘yilyapti? Toyloq tumanidagi inklyuziv ta’lim sinfi ochilgan maktablarda bo‘ldik.

Sarbozor mahallasida joylashgan kimyo-biologiyaga ixtisoslashtirilgan 30-IDUMda eshitishida va miya rivojida nuqsoni bor Botirali Sharipov 2-sinfda ta’lim olmoqda. U maktabga 1-sinfdan kelgan.

Bola darsda ko‘proq rasm chizishni yaxshi ko‘radi, - deydi o‘qituvchi Nilufar Faxriyeva. – Xulqi, intizomi yaxshi, biroz tortinchoq. Sinfdoshlariga Botiralini hurmat qilishni, birgalikda do‘st bo‘lib o‘ynashni tushuntirganman. Bolalar ham uni iliq qabul qilishgan. To‘g‘ri, eshitishida nuqsoni borligi uchun sog‘lom bolalar kabi darslarni o‘zlashtirolmaydi, lekin harakati bor.

- O‘zim har kuni bolamni maktabga olib borib qo‘yaman, - deydi Botiralining onasi Yorqinoy Yakubova. – Kechqurun birgalikda dars tayyorlaymiz. O‘g‘lim maktabdagi hayotidan mamnun, biroq maktabda o‘qituvchi-logoped yo‘q. Haftada ikki-uch marta tuman markaziga logopedga olib boraman. Sharoitim og‘irligi uchun shahardagi ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatga berolmadim. Agar maktabda o‘qituvchi-logoped bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi.

Onaning aytishicha, bola kam eshitadi. Shuning uchun darslarni o‘zlashtirishi qiyin kechmoqda.  

Qiyot qishlog‘i Talliota mahallasida joylashgan 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3-sinfda inklyuziv ta’lim tashkil etilgan. Ushbu sinfda o‘tgan yildan beri shu mahallada istiqomat qiluvchi yengil aqli zaiflik tashxisi qo‘yilgan Sunnat Nuriddinov ta’lim olmoqda. Dastlab bolaning o‘zi bilan gaplashdik. U maktabga o‘zi kelishi, ingliz, ona tili va matematika fanlaridan yaxshi o‘qishi, kelajakda militsiya xodimi bo‘lishini aytdi. Ammo fanlarga oid savollarimizga javob bera olmadi.

- Avval ham nogironligi bor bolalarga yakka tartibda uyida ta’lim berganman, - deydi bolaning sinf rahbari Sohiba To‘qsonova. – Lekin u bolalar jismonan zaif bo‘lsa-da, aqlan sog‘lom edi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bir qiz bola yaxshi o‘qirdi, aytgan darsimni yodlab olardi. Ammo Sunnatda bunday qobiliyat yo‘q. Bola siz bilan bemalol muloqotga kirisha oladi, sog‘lom bolalardek gaplashadi, biroq darslarni umuman o‘zlashtirolmayapti. Meni xavotirga solayotgani bola juda sho‘x, doim biror o‘quvchiga ozor bermasin deb ko‘z-quloq bo‘lib turaman. Darsda diqqatim faqat shu bolada bo‘ladi, sal chalg‘isam, biror ishkal chiqaradi. Boshida savob uchun bolani o‘qitishga rozi bo‘lgandim, ammo keyingi vaqtlarda juda charchadim. Buni maktab direktoriga ham aytdim. Yaqinda otasini chaqirtirib, bolani maktabdan olishini so‘radim. Otasi: «Iltimos sizdan, bolam maktabga kelib, ketsa bo‘ldi, o‘qimasa ham mayli», dedi. Nima qilishga hayronman, boshim qotgan.

Surishtirsak, ushbu maktabda psixolog shtati vakant ekan. 387 nafar o‘quvchiga ega maktabda hamshira ham ishga olinmagan. Aslida, psixolog va hamshirasi yo‘q maktabda inklyuziv ta’limga ruxsat berish mumkinmi? Inklyuziv ta’lim sinfi ochishning qonun-qoidasi qanday?


Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori va «Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida Nizom»ga asosan, o‘quvchilarni
inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarga qabul qilish hududiy xalq ta’limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Nizomga ko‘ra, inklyuziv ta’lim sinflaridagi o‘quvchilarga individual ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishga yordam ko‘rsatish uchun maxsus pedagoglar va tyutorlar (yordamchi pedagog xodimlar) faoliyat ko‘rsatishi kerak. Inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochilgan maktab uchun alohida maxsus pedagog shtat birliklari ajratilishi belgilangan. Ammo yuqoridagi maktablarda maxsus pedagog yoki yordamchi pedagog ishga olinmagan. 30-IDUMda o‘qituvchi-logoped bo‘lmagani uchun sinf rahbari o‘quvchiga darsini to‘liq yetkazib berolmayotgan bo‘lsa, 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yordamchi pedagog bo‘lmagani sababli o‘qituvchi charchaganini aytmoqda.

Aslida, inklyuziv ta’lim sinflarida o‘quvchilarga oliy ma’lumotli, shuningdek, tegishli qayta tayyorlashdan o‘tgan o‘qituvchi yoki defektologlar tomonidan dars berilishi lozim.

Bundan tashqari, inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochilgan maktablarda o‘quvchilarga psixologik yordam berish maqsadida maxsus yordam ko‘rsatish xonalari tashkil etish belgilangan. Ammo bizdagi ikki smenada dars o‘tiladigan, hatto o‘qituvchilar uchun xona ajratib berolmayotgan maktablarda bunday shart-sharoitni yaratish oson emas.  

Shuningdek, nizomda maktab psixologining ham vazifalari belgilangan. Maktab psixologi o‘quvchini individual rivojlantirish (oilada va inklyuziv ta’lim sharoitida ta’lim berish) dasturlarini tuzish, o‘quvchilar bilan guruhlarda mashg‘ulotlar olib borish, o‘quvchilarni doimiy ravishda psixologik-pedagogik jihatdan o‘rganish va ularni tarbiyalash bo‘yicha ota-onalarga maslahatlar berish kabi vazilarni bajaradi.

Shu o‘rinda inklyuziv ta’lim sinfi mavjud maktablarda tibbiyot xodimining ham o‘z vazifalarini keltirib o‘tamiz. Tibbiyot xodimi o‘quvchilarning ruhiy asab holatini tekshiradi, zarurat bo‘lganda, davolash muolajalarini tavsiya etadi, korreksion-pedagogik ta’lim jarayonida bolalar sog‘ligini nazorat qiladi hamda aqliy va jismoniy yuklamaning me’yorini belgilaydi. Shuningdek, o‘quvchilarning somatik va ruhiy salomatligini saqlash yuzasidan ota-onalarga maslahat beradi va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni sog‘lomlashtirish ishlarini olib boradi.

Savol tug‘iladi, yuqorida keltirilgan psixolog va tibbiyot xodimi ishga olinmagan 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ushbu vazifalarni kim bajaradi? Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya masalaning bu tomonlariga e’tibor bermagan bo‘lsa, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi qayerga qaragan?

Toyloq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bolalarni ijtimoiy psixologik qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv ta’lim shu’basi metodist psixologi Mo‘mina Hasanovaning aytishicha, kelasi yildan tuman maktablarining 50 foizida inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etiladi. Ayni paytda tumanda 89 nafar bola yakka tartibda uyida ta’lim olmoqda. Biroq Nizom talablariga amal qilmasdan, shunchaki o‘qituvchiga 10 foiz ustama berish yo‘li bilan inklyuziv ta’lim sinfi ochish bolani, o‘qituvchini, qolaversa, ota-onani ham qiynab qo‘yadi. Buni soha mas’ullari tushunishi, maktabda yetarli shart-sharoit yaratilgach, inklyuziv ta’limga ruxsat berishi kerak.

Xurshida Ernazarova.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.