"Bionik qiz": U og‘riq nimaligini bilmaydi, deyarli ovqat yemaydi va uxlamaydi
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, agar barcha jismoniy og‘riqlar olib tashlansa, odam hayoti qanday bo‘lgan bo‘lardi?! Buyuk Britaniyada yashaydigan qizaloq na ochlik, na charchoq va og‘riqni his qilmasdan yashashni biladi.
Oliviya Farnsvort
Angliyaning Haddersfild shahrida yashovchi Oliviya Farnsvortni dunyodagi yagona kamdan-kam uchraydigan xromosoma kasalligi egasi bo‘lish «baxtiga» muyassar bo‘lganligi tufayli «bionik qiz» deb atashadi. Oliviya hech qachon charchamaydi, kun davomida ovqatlanmaydi va og‘riq sezmaydi.
Boshqa har qanday noyob qobiliyatlar singari Oliviyaning bu kasalligi ham o‘zini to‘satdan namoyon qildi. 2016 yilda 7 yoshli qizaloqni onasining ko‘z o‘ngida mashina urib yubordi va uni yana 30 metrga sudrab ketdi. Oliviyaning onasi dahshatga tushdi, qizaloq esa o‘rnidan turib, ust-boshini qoqib tashlab, hech narsa bo‘lmagandek, uning oldiga keldi. Qizaloq tanasining ko‘krak qismidagi shina izi va oyoqlaridagi shilingan terisi baxtsiz hodisaning yagona dalili edi.
Qizning o‘ziga xosligini tasdiqlagan yana bir voqea biroz keyinroq sodir bo‘ldi va bundan ham jiddiyroq oqibatlarga olib keldi. Oliviya qattiq yiqilib, labi yirtildi, lekin uning o‘zi bunga e’tibor ham bermadi. Qizaloq qiyofasini plastik jarrohlar tiklashiga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, noyob hodisa tufayli Oliviyaning sochlari juda sekin o‘sardi va bolaligida ma’lum bir vaqtga qadar “o‘g‘il bola” deb masxara qilinardi. Vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadigan agressiv holati uning oila a’zolarini butunlay qo‘rqitib qo‘ydi. Chunki qiz g‘azablanib, tanasining og‘riqni his qilmaydigan barcha qismlari, shu jumladan boshini ishlatib, boshqalarga zarar yetkazishi mumkin edi.
Oliviyaning ota-onasi shifokorlarga yordam so‘rab murojaat qilganida, ular yelka qisib qo‘yishdi, chunki bunday holat haqida hech qanday tibbiy manbada ma’lumot topilmadi. Biroq “bemor” xususiyatlarini o‘rganishda davom etgan shifokorlar ushbu holatni "6-xromosoma bir qismining yo‘qolishi" - boshqacha qilib aytganda, xromosoma buzilishi (ortiqcha xromosoma, uning o‘zgarishi yoki umuman yo‘qligi) deb tavsiflashdi.
Tadqiqotchilar hali ham qizaloqqa "bionik qiz" laqabini bergan bunday g‘alati va o‘ziga xos kasallik paydo bo‘lishi sabablarini aniqlashga harakat qilishmoqda.
Oliviya hozir qanday yashaydi?
Umuman olganda, uning hayotida hech narsa o‘zgargani yo‘q. U oilasi bilan Xaddersfildda yashaydi, maktabda a’lo baholarda o‘qiydi. Uning onasi Nikki Trepak, ochlikni his qilmaydigan qizi ovqat vaqtini o‘tkazib yubormasligi va sog‘lom bo‘lishi uchun kerakli miqdordagi kaloriyalarni iste’mol qilishini ta’minlash uchun doim hushyor turadi. U har kecha qiziga uxlab, dam olishi uchun uyqu dori beradi. Bundan tashqari, Oliviya ichki jarohatlar yoki boshqa kasalliklarni istisno qilish maqsadida har hafta tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur.
Afsuski, shifokorlar hali ham Oliviya Farnsvortning noyob hodisasi va uni davolash mumkin yoki yo‘qligi haqida bosh qotirishadi, chunki bu holat tarixda birinchi marta qayd etilgan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.