Sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashda muhim qadam

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.

Shu boisdan keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik o‘zgarishlarning muhim vositasi bo‘lgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davr mobaynida sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.

Joriy yil 3 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada navbatdagi qadam bo‘ldi.

Unga muvofiq, fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, shuningdek, maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birga, 2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish, 2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilishni nazarda tutuvchi 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi ham tasdiqlandi.

Qarorda 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi ham belgilangan.

Uning yordamida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda yuborishlari hamda manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin.

Shuningdek, Prezidentimiz qaroriga asosan Oliy sud 2020 yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

Shohruh MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.