Sud raisi mahalla ahliga huquqiy tushuncha berdi, sayyor sud o‘tkazdi

Sud-huquq islohotlarining bugungi talablari asosida aholi bilan uchrashuvlar, sayyor sud jarayonlari odatiy tusga kirdi. Chunki bu tadbirlarning huquqiy targ‘ibotdagi samarasi ancha yuqori. Ayniqsa, jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan shaxslarning huquqiy ongini doimiy oshirib borish dolzarb masalalardan sanaladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining raisi O.Pardayev Samarqand shahar "Yangi hayot" mahallasida shu mahalla va "So‘fi Roziq" mahallasi fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Rasmiylikdan yiroq, samimiy tarzda o‘tgan tadbirda O.Pardayev odam savdosi va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktikasi mavzularida davra suhbati o‘tkazdi. Bu mavzularni tushunarli, sodda uslubda, hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Uchrashuv davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan T.Toshqulovga oid jinoyat ishi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Tomonlar yarashganligi munosabati bilan jinoyat ishi Jinoyat Kodeksining 66-1-moddasiga asosan harakatdan tugatildi.