Sud tizimida komplayens nazoratining yangi mexanizmi joriy etiladi
Prezidentimiz “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Hujjatda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda bir qator yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Farmonga muvofiq, Oliy sud apparati tarkibida Oliy sud raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi. Shuningdek, Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy qilinib, ular mazkur xizmatga bo‘ysunadi.
Komplayens xizmati rahbari hamda inspektorlar Oliy sud raisi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Ularning mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari Oliy sud tizimidagi tegishli mansabdorlar darajasiga tenglashtiriladi.
Mazkur lavozimlarga oliy yuridik ma’lumotga ega, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik mehnat tajribasiga ega hamda yuksak kasbiy va axloqiy obro‘-e’tibor sohibi bo‘lgan nomzodlar tayinlanishi belgilangan.
Shu bilan birga, Komplayens nazorat xizmati xodimlariga sud apparati xodimlarining xizmat faoliyati, odob-axloq qoidalariga rioya etishi, shuningdek xizmatdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori bilan bog‘liq holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish vakolati beriladi.