Sudga 6 oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat qilish mumkin

A.TURDIYeV,

Samarqand shahri.

– 2018 yilning 1 aprelidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksiga binoan taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar sudning qonuniy kuchga kirgan, apellyasiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan u qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin.

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga g‘ayriqonuniy o‘tkazilganida uni oldingi ishiga tiklash to‘g‘risida sud chiqargan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati shu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.

Kassatsiya shikoyatiga qu¬yidagi hujjatlar ilova qilinadi: davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat, kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan hollarda uni imzolashga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat, sudning arizani qaytarish haqida yoki arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kassatsiya shikoyatiga qaytarilgan ariza va unga qo‘shib berilgan hujjatlar.

Sud ishni kassatsiya tartibida ko‘rayotganida sud hujjatlarining qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini tekshiradi. Sud yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.

Alisher HUSEYNOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudya katta yordamchisi.