Sudga da’vo arizasi berishdan oldin endi sun’iy intellekt bilan “gaplashasiz”

2024 yil 1 noyabrdan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgani natijasida qisqa davrda davlat byudjetidan 638 million so‘mlik xarajatlar iqtisod qilingan. Endi buni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak, degan edi davlat rahbari 7 fevral kuni sud faoliyatini yaxshilash, ochiqlik varaqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda.
Bu ish uzoq cho‘zib o‘tirilmadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 avgust kuni «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Hujjat qog‘ozbozlik va inson omili ta’sirini kamaytirishga, shuningdek, sud jarayonlarini raqamlashtirish orqali fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xo‘sh, farmon bilan tizimda nima o‘zgarmoqda, u odamlarga qanday qulaylik yaratadi?
Aksar ishlar onlaynga o‘tadi
Farmonga ko‘ra, yurtimizda bosqichma-bosqich «Raqamli sud» konsepsiyasi joriy etiladi. Jumladan, joriy yil oxirigacha Toshkentda tajriba tariqasida raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy sud zallari paydo bo‘ladi. Konsepsiya 2026-2027 yillarda tajriba natijalariga ko‘ra, bosqichma-bosqich respublikaning barcha sudlariga tatbiq etiladi.
Ilgari fuqarolar va tadbirkorlar aksariyat hollarda ariza yoki da’voni qog‘oz shaklida, sud devonxonasiga shaxsan kelib topshirardi. Tabiiyki, bu qo‘shimcha vaqt va xarajatlarni talab qilardi. Endi sudlarga murojaat faqat elektron shaklda qabul qilinadi va sud ishlari to‘liq raqamli ko‘rinishda yuritiladi.
Fuqarolar da’vo arizasi berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud jarayonining ehtimoliy natijasini va u bilan bog‘liq xarajatlarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sud xarajatlari ham onlayn hisoblab chiqiladi va to‘lanadi. Bu esa korrupsiya xavfini kamaytiradi.
Shuningdek, taraflar barcha ish materiallari bilan elektron tarzda tanishishlari mumkin bo‘ladi. Majlis bayonnomalari real vaqt rejimida avtomatik tarzda shakllantiriladi, sud hujjatlari loyihalari esa tizim tomonidan generatsiya qilinadi.
Darvoqe, protsess ishtirokchilari ham sudyaning ruxsatisiz sud binosiga kelmasligi va sud majlisiga masofadan turib ulanishi mumkin bo‘ladi.
Raqamlashtirish dasturi
Hujjatda 2026 yil 1 yanvardan tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatilishi belgilangan. Ularning o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etiladi. Bu sud tizimi samaradorligini oshirish va tadbirkorlarning odil sudlovdan foydalanishini soddalashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Yana bir yangilik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar eksterritorial tartibda, ya’ni hududlarga bog‘lamasdan ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha birlamchi ma’lumotlar Yagona davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
2025−2027 yillarda sud-huquq sohasini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish, sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash uchun dasturiy ta’minot yaratish, my.sud.uz portalida sun’iy intellektga asoslangan virtual maslahatchini joriy etish, shuningdek, yangi interaktiv xizmatlar va «Shaxsiy kabinet» platformasining yangilangan versiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Joriy yil yakuniga qadar esa Oliy sud va tergov organlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, jarimalarni kuzatish va to‘lash bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqish, «Raqamli hukumat» tizimi ma’lumotlar bazalarini sud tizimi bilan integratsiya qilish, shuningdek, ma’muriy ishlar bo‘yicha hujjatlarni Ichki ishlar vazirligining «E-ma’muriy ish» tizimi orqali elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Infratuzilma va ijtimoiy himoya
«Raqamli sud» konsepsiyasi hamda fuqarolar va sud tizimi xodimlari uchun zamonaviy sharoitlar yaratishni inobatga olgan holda yangi binolar barpo etiladi.
Sudlarning moddiy-texnik bazasi va sudyalarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratildi. 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan rejada 162 ta yangi bino qurish, 82 ta sudni rekonstruksiya qilish va 93 tasini kapital ta’mirlash, sudyalarni xizmat uylari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 5 yil muvaffaqiyatli ishlagan sudyalarni hozirgidek 10 yilga emas, birdaniga muddatsiz davrga tayinlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sudyalik lavozimiga ko‘tarilish va qayta tayinlanishning aniq mezonlarini belgilash, sud raislari va Sudyalar oliy kengashi a’zolarini saylashda sudyalar hamjamiyatining ishtiroki jarayonini demokratlashtirish taklif etilmoqda.
Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qayd etilishicha, fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan da’volarning katta qismi nizosiz ishlardir. Shu munosabat bilan bunday masalalarni ko‘rib chiqishni ma’muriy organlarga (notariuslarga) o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Furqat ANOROV,
viloyat sudi fuqarolik sudlov hay’ati sudyasi.