Sudlar bizda mustaqilmi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida o‘tkazilgan davra suhbatida ana shu savol atrofida mulohaza yuritildi.
Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida doimiy ishlovchi senator Farhod Boqiyev boshqargan anjumanda viloyatdan saylangan senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud va sudyalar oliy kengashi a’zolari, O‘zbekiston Notarial palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, advokatlar palatasi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlandiki, huquqiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bu tizimdagi organlar faoliyatining shaffofligini ta’minlamoqda. Xususan, sud idoralarining ixtisoslashuvi, sayyor va onlayn sud majlislari, oqlov hukmlarining ko‘payishi, sudyalarning tayinlovdan oldin jamoatchilik suhbatidan o‘tishi odil sudlov tizimini yangi pog‘onaga olib chiqayotir.
Shu bilan birga davra suhbati qatnashchilari sudlov tizimi mukammalligini ta’minlash uchun hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, sud majlisida advokat va prokuror ishtiroki tengligini ta’minlash, mamlakatda sudyalar kunini belgilash, fuqarolik ishlari bo‘yicha har bir tumanda sudlarni tashkil etish, sud qarorlari, ayniqsa, oqlov hukmlari targ‘ibotini kuchaytirish, soha xodimlari, faxriylari uchun alohida doimiy oromgoh barpo etish masalalari o‘rtaga tashlandi.
Davra suhbati ishtirokchilari bildirilgan takliflarni Oliy Majlis Senati orqali tegishli idoralarga taqdim etishga kelishib oldilar.
Davra suhabati qatnashchilari Samarqand shahar Xalq qabulxonasida bo‘lib, sudyalarning sayyor qabuldagi faoliyati, Xalq qabulxonasi bilan hamkorligini o‘rgandi.
Toyloq tumanida esa to‘rtala sudlar uchun qurilgan yangi binoda sudyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
O‘z muxbirimiz.