“Sudlar to‘g‘risida”gi qonun necha marta o‘zgardi?

Mamlakatimizda sud hokimiyati, sud qonunchiligi, sudlov apparati, sudlarning kadrlar (boshqaruv, mutaxassis va yordamchi) zaxirasiga doir ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan va amaliyotga joriy etilgan.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev boshchiligida 2016 yildan buyon amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining tezkorligi, shiddati va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.

Jumladan, ushbu davrda sudlar faoliyatini rivojlantirish, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish maqsadida sud organlariga sudya va xodimlarini tanlab olish, ularni o‘qitish va lavozimga qo‘yish, shuningdek, sud apparati kadrlari zaxirasini mustahkamlash, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda amaliyotda mavjud muammolar, jamiyat va davlatimizning o‘ziga xos shart-sharoitlari, xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda.

Natijada 2016 yildan 2020 yilga qadar sudlar faoliyatiga oid 20 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

Qayd etish kerakki, dunyo davlatlarida sud tizimlari va ularda ish yuritish tartib-qoidalarida xalqaro-huquqiy tan olingan umumiy tamoyillar amal qilsa-da, davlatlarning sud organlari tizimi, faoliyat doirasi, sudlarning tuzilishi bir-biridan farqlanadi. Ularda ko‘rib chiqiladigan nizolar, huqubuzarlik holatlari, munosabatlar doirasi, predmeti, ish va munosabatlar sub’yektlarining toifalari bo‘yicha o‘zaro farq qiladi.

O‘zbekistonda ham sud tizimi va ularda ish yuritish tartiblari bir necha bor o‘zgartirilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida besh yil muddatga saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyat xo‘jalik sudlari mavjud bo‘lgan.

Ushbu qonunga 1995-1996 yillarda ikki marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

So‘ngra 2000 yil 14 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Mazkur Qonunga ham 2020 yilning iyul oyiga qadar 18 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Mazkur Qonun qabul qilingan vaqtda (14.12.2000 y.) uning 1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sudlari tizimi quyidagicha belgilangan:

O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari.

Aynan ushbu Qonun orqali umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ajratilgan va Qonunda O‘zbekiston Respublikasida ishlarning toifalariga qarab sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilishi mumkinligi ham yozib qo‘yilgan.

2017 yil 21 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi ortidan sudlar tizimi va faoliyatida belgilangan o‘zgarishlar natijasida 2017 yil 12 aprelda O‘RQ-428-son Qonuni qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuniga navbatdagi o‘zgartirishlar kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi sudlar tizimi bugungi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi; harbiy sudlar; Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari; Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari; fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari; jinoyat ishlari bo‘yicha tuman shahar) sudlari; tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari; tuman (shahar) ma’muriy sudlari) ko‘rinishga kelgan.

  Endilikda, 2020 yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bilan unda belgilangan vazifalar doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni yana bir bor yangi tahrirda qabul qilinadi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2020 yil 1 noyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi tahrirdagi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritishi ham nazarda tutilgan:

- sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlarining, Rayosatining, Plenumining vakolatlari doirasi;

  - sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;

  - sudyalar, sud raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi;

  - sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish;

  - sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibi;

  - sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi;

- sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralari.

Qonunga kiritiladigan o‘zgarishlar, sohadagi islohotlar mamlakatimiz sud tizimining yanada takomillashtirilishi, sud organlarining ixchamlashuvi va ijro intizomining mustahkamlanishiga, jismoniy va yuridik shaxslarning sudlarga murojaat qilish mexanizmining soddalashtirilishiga xizmat qiladi.

Farrux MAJIDOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi.