Sudlarda ommaviy axborot vositalarining hamkorligi

So‘nggi yillarda keng ko‘lamli va mohiyatan chuqur sud-xuquq, islohotlari natijasida mamlakatimiz sud hokimiyati rivojlanishining mutlaqo yangi davri boshlandi.
Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan sud-xuquq sohasidagi islohotlar tom ma’noda yuksak darajaga ko‘tarildi. Uning xuquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Konstitutsiyamizga sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq, qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
«Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining bir qator moddalari yangi normalar bilan boyitildi.
2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar sud tizimini tubdan takomillashtirish, fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashning yangi bosqichini boshlab berdi. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilli¬gini va ochiqligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi 4-sonli qarori fikrimizning yaqqol dalilidir.
Qaror 31-banddan iborat bo‘lib, uning maqsadi sud muhokamasi oshkoraligini, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi amalga oshirilishini, shuningdek sudlar tomonidan mazkur masalaga oid qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashdir.
«Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq; hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq, majlisda ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Mazkur Qonun talabiga binoan, yuqorida qayd qilingan Plenum qarorida sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va ob’yektiv axborot berish jamiyatda xuquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi.
Ushbu Qarorda sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi», deb ko‘rsatilgan.
Konstitutsiyaning mazkur talabiga binoan sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyatiga doir axborotni olish fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim.
Karorda tushuntirilishicha, ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga (bosim o‘tkazishga) xaqli emas.
Sudya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo‘yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.
Sud muhokamasining oshkoraligi protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan ta’minlanadi.
Ochiq sud majlislarini protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar qatnashishini istisno etadigan binolarda o‘tkazishga yo‘l ko‘yilmaydi. Unda protsess ishtirokchisi bo‘lmagan voyaga yetmaganlar hozir bo‘lishiga faqat tegishli protsessual qonun talabini inobatga olgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo‘yicha ma’lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma’lumot olishning qonuniy yo‘li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra, sud majlisi zaliga kirishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Protsess ishtirokchisi deganda, jinoyat-protsessual qonunchiligiga binoan muhokama qilish uchun tayinlangan ishda ishtirok etuvchi prokuror, himoyachi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek sudlanuvchi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari tushuniladi.
Shuningdek, Qarorda ish muhokamasini yopiq sud majlisida o‘tkazish to‘g‘risida sud asoslantirilgan ajrim chiqarib, unda protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga to‘sqinlik qiladigan aniq holatlar ko‘rsatilishi kerakligi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘lishi lozimligi, ish muhokama¬si yopiq sud majlisida o‘tkazilishi haqida sud majlisi bayonnomasida va ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida ham ko‘rsatiladi, deb tushuntirish berilgan.
Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ajrim e’lon qilingunga qadar protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilishi mumkin emas. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror ishni sud muhokamasiga tayinlash chog‘ida qabul qilingan hollarda, protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga kiritilmaydi.
Agar sud tomonidan jinoyat ishining muayyan qismi yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisining shu qismiga kiritilmaydi.
Qarorning 14-bandida qonunga ko‘ra, ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyasiya qilishga fuqarolik ishini ko‘rish paytida - sud majlisida raislik kiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida - sud majlisida raislik qi¬luvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi, 16-bandining ikkinchi xatboshisida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga ular O‘zbekistan Respublikasida akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim etgan taqdirda kiritilishi haqida tushuntirish berilgan.
Protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi va bunday holat protsessual qonun buzilishi deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Mazkur qarorda tushuntirilishicha, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi axborot umumfoydalanish uchun ochiq hisoblanadi, axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno.
Foydalanishi cheklab qo‘yilgan axborotga, jumladan, quyidagilar kiradi:
Foydalanishi cheklab qo‘yilgan axborotga davlat sirlariga doir (O‘zbekiston Respublikasining «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi Qonuni 3, 5-moddalari);
qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga doir (masalan, farzandlikka olish siri) (O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 153-moddasi);
shifokorlik siriga doir (O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida»gi Qonuni 25-moddasi beshinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi Qonuni 19-moddasi);
qonunga asosan foydalanishi cheklangan boshqa axborotlar kiradi.
Sud axborotning muayyan qismi foydalanish uchun cheklanganligini sabab qilib, talab etilgan axborotni berishini rad qilishga haqli emas. Bunday holatda axborotning foydalanish uchun ochiq; qismi taqdim etiladi.
Qarorda berilgan tushuntirishga binoan sudlar faoliyatiga doir ma’lumotlar foydalanuvchilarga ularning so‘roviga asosan, ya’ni og‘zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat ko‘rinishidagi murojaatiga asosan taqdim etilishi mumkin.
Bundan tashqari, sudlar faoliyatiga doir axborot ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali tarqatiladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari matni sudning rasmiy veb-saytida egasizlashtirilgan holda yoki protsess ishtirokchilari roziligi bilan tuliq e’lon qilinishi mumkin.
Sudlarda ularning faoliyati to‘g‘risida axborot olishni ta’minlovchi qonunga zid bo‘lmagan va sudyalar mustaqilligi prinsipini buzmaydigan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin (xususan, fuqarolarni, jamoatchilik vakillarini qabul qilish, brifing, intervyu, matbuot konferensiyalarini o‘tkazish, ommaviy axborot vositalari va aholi oldida chikqishlar qilish, press-relizlar tarqatish va h.k.).
Jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo‘lishni ta’minlash maqsadida sudlarning rasmiy vakillari ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi.
Ma’lumki, ochiqlik va oshkoralik har qanday hokimiyatga bo‘lgan ishonchning asosiy kafolatidir.
Qarorda sud hokimiyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari:
yilda kamida bir marta fuqarolar huquq va erkinliklarini, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlar huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi holati yuzasidan tegishli davlat vakillik organiga ma’lumot taqdim etishlari;
oyida kamida bir marta sudyalarning joylarda aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Umuman olganda, mazkur qaror sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning va yuridik shaxslarning huquqlarini sud orqali himoya qilinayotganligini, ishlarni ochiq va oshkora ko‘rilishida qonunda nazarda tutilgan istisno etuvchi holatlardan tashqari jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan erkin hamkorlik o‘rnatishni kafolati bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Arslonov JAHONGIR,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.
Abdusattor ABDURAZZAKOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.