Sudya payariqlik o‘quvchilarni Samarqand shahri kuni bilan tabrikladi

18 oktyabr – Samarqand shahar kuni munosabati bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi sudyasi H.Keldiyarova tumandagi 6-umumta’lim maktabiga bordi.
Sudya maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarini qadim va navqion shahar kuni bilan qutlar ekan, buyuk ajdodlarimizga beshik bo‘lgan ko‘hna Samarqand bejizga borib ko‘rish shart bo‘lgan dunyodagi 50 ta shaharlar ro‘yxatiga kiritilmaganini ta’kidladi. Ushbu shahar dunyo tamaddunining chin ma’nodagi noyob boyligi ekanini qayd etdi.
Shuningdek, H.Keldiyarova O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, inson huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga ham to‘xtaldi. Yoshlarga qonunga itoat qilishning muhimligi, huquqbuzarlik va jinoyatlarning ayanchli oqibatlarini tuman sudida ko‘rilgan jinoyat ishlari misolida tushuntirib berdi.
A.QURBONOV.