Sudya yoki prokuror hammasini hal qilmaydi
O‘tgan yili 30 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Iqtisodiy protsessual kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, ushbu Kodeks 50-moddasining birinchi qismiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi, ya’ni prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda yoki prokurorning da’vo arizasi (arizasi) asosida qo‘zg‘atilgan ishlarda ishtirok etishi mumkin. Prokuror boshqa shaxslarning arizasi bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas. Prokuror davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Ta’kidlash lozimki, Kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun va mohiyatiga ko‘ra, sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini kengaytirish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar hisoblanadi.
Qonunchilikdagi yangilik bo‘yicha prokuror o‘zining da’vo arizasi asosida qo‘zg‘atilgan ishlardan tashqari davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida quyidagi ishlarning ko‘rilishida ham ishtirok etishi mumkin:
- Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish;
- Yerga oid huquqiy munosabatlar;
- Davlat mulki bilan bog‘liq ishlar;
- O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini e’tirof etish;
- Xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash;
- Davlat byudjetidan undiruvlar;
- Bojxona to‘lovlarini undirish.
Sudlar tomonidan qonunda prokuror ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlarni sudda ko‘rilishi haqida prokuror sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida protsessual tartibda ajrim chiqarish orqali xabardor qilinadi.
Qonunning ahamiyatli tomoni shundaki, sudlar tomonidan prokurorlarga qonunda prokuror ishtirok etishi belgilangan ishlar bo‘yicha ishtirokni ta’minlash haqida ajrim yuborilmagan yoki prokuror ishtirok etishi belgilanmagan ishlar bo‘yicha prokuror qatnashishi haqida ajrim yuborilgan taqdirda, prokurorlar bunday ishlarda ishtirok etmaydi.
Yangi qonun bilan prokurorlarning sud qarorlariga protest keltirish yoki ishni suddan talab qilib olish bilan bog‘liq vakolatlari ham kengaydi. Xususan, prokuror o‘zi ishtirok etgan ishlardan tashqari, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ishlarni ham talab qilib olish hamda sud hujjatiga nisbatan protest keltirishga haqli.
Qonunning yana bir muhim ahamiyatli tomoni - davlat mulki bilan bog‘liq ishlar aniq belgilab qo‘yildi. Xususan, 1. Davlat mulkini egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish bilan bog‘liq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar. 2. Davlat mulkiga yetkazilgan zararlarni undirish. 3. Davlat mulkini birovning qonunsiz egaligidan talab qilib olish. 4. Davlat mulkidan foydalanishda mulk egasining qilingan to‘siqlarni bartaraf etish. 5. Davlat mulkini undiruvga qaratilishi bilan bog‘liq nizolar.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ushbu Qonunning qabul qilinishi davlat mulkini, shu jumladan yer maydonining noqonuniy talon-toroj qilinishini oldini olishga hamda davlat byudjetiga undiruvlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishiga, prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga, sudlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlarini to‘laqonli himoya qilishga hamda qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Luqmonboy Asatov,
Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.