"Superkontrakt" to‘lov-kontraktining minimal miqdorlari oshirilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PQ-4359-son qaroriga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasasining salohiyati va hududiy joylashuvi, shuningdek abituriyentlarning oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda OTM tomonidan mustaqil belgilanishi ko‘rsatilgan. Masalan, moliya yo‘nalishi bo‘yicha oshirilgan kontrakt bazaviy miqdorning 15 barobari etib belgilangan bo‘lsa, Toshkent moliya instituti mazkur ko‘rsatkichni 17 barobar etib belgilashi, Termiz davlat universiteti esa o‘zgartirmasligi mumkin edi.

Mazkur tartib o‘tgan yilgi qabulda amaliyotga joriy etilgan.

Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Davlat komissiyasi tomonidan 2020/2021 o‘quv yili qabuli uchun istisno tariqasida oliy ta’lim muassasalari tomonidan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tabaqalashtirilgan ("superkontrakt") to‘lov-kontraktning minimal miqdorlaridan OShIRILMAYDI!

Quyidagi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMlar bundan mustasno, mazkur OTMlar superkontrakt miqdorini oshirish huquqiga ega: UrDU, SamDChTI, SamISI, TDYuU, TDIU, TMI, TDShU, ToshFarmI, O‘zDJTU, TTYMI - hozirgi Transport universiteti.