Suratchining suratchidan, fotomuxbirning fotomuxbirdan farqi bor
Hamkasb do‘stim - "O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi" jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev hamda taniqli noshir va dizayner Akbarali Mamasoliyev bilan birga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, fotomuxbir, katta qalb sohibi Abdug‘ani Jumayev ustaxonasiga bordik.
Abdug‘ani aka 50 yil fotomuxbir bo‘lib ishlagan, yuzlab shogirdlarga ustozlik qilib, ularga beminnat mehrini bera olgan inson. Toshkent shahrining Xadra mavzesidagi ustaxonasini xorijliklarga bersa, yaxshigina daromad qiladi. Ammo bu oddiy xonadon hamisha hamkasblar, ijodkorlar bilan gavjum. Bu yerda nafaqat bugungi taniqli adib va adibalar, hatto Abdulla Oripovdek mashhur ijodkorlar ham bo‘lishgan. Darvoqe, Abdulla akaning "Abdulg‘ani, siz fotomuxbirgina emassiz, fotomuxbirlar shayxisiz", degan gapini ko‘pchilik hamon eslaydi.
Bu xonadondagi betakror fotosuratlarni ko‘rib, o‘zimcha fidoyi hamkasbim, degan tasavvurim halol, kasbiga fidoyi degan tushunchalar bilan boyidi. Har bir tarixiy surat ma’nosi, go‘zalligi bilan lahzalar mohiyatini ochib beradi. Mamlakatimiz va dunyo adiblarining turli holatda tushgan suratlarini ko‘rib, har bir ijodkorning qalbini his qilasiz.
O‘zimga savol beraman: bugun to‘y va tomoshalarda pul uchun surat tushirib yurgan shotirlar, "katta"lar bilan tushgan suratlarni pullab kun ko‘rayotganlar bunday muzeysifat maskanning qadriga yetarmikin?
Suhbatimiz, suratlarni qilgan tomoshamiz ancha cho‘zildi. Qaytar chog‘imiz Abdug‘ani aka yaxshi bir gapni aytib qoldi:
- Hokimlaringiz, jamoatchilik, umuman, samarqandliklar san’atga alohida mehr qo‘ygan. Yaqinda Samarqandda asarlarim ko‘rgazmasini uyushtirish niyatim bor.
Bu taklifdan xursand bo‘ldik. Menga esa hurmat yuzasidan yaxshi asarlaridan birini hadya qildi: ushbu suratni Abdug‘ani aka 1984 yilda Samarqandda bir olim xonadonida tushirgan ekan. "Novvoy ayol" nomli surat o‘z vaqtida mamlakat miqyosidagi jurnal muqovasida chop etilgan.
Farmon Toshev.