Suv sotib, repetitorga pul topayotgan o‘quvchi

Ishxonamiz yonida ancha paytdan buyon bir maktab o‘quvchisi gazli suv sotadi. U yosh bo‘lishiga qaramay, oilasi byudjetiga foyda keltiryapti, asosiysi, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan.

Sarvar Toshtemirov Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy mahallasida tug‘ilgan, 10-sinf o‘quvchisi.

- Otam maktabda o‘qituvchi, onam esa tikuvchilik bilan shug‘ullanadi, - deydi Sarvar. – Otamdan gazli suv tayyorlaydigan uskuna olib berishlarini va men ham pul topishni o‘rganishni aytgandim. Otam taklifimni ma’qulladilar va  mahalla markazida qiyomli gazli suv sotishni yo‘lga qo‘ydik. Uning tarkibi novvotdan tayyorlangan qiyom va gazlangan suvdan iborat. Aytishlaricha, tabiiy gazlangan mineral suv zararsiz va chanqoqni juda yaxshi qondiradi, novvot esa tanadagi sovuqliklarni chiqarib tashlaydi, yo‘tal hamda shamollashni yo‘qotar ekan. Qiyomli gazlangan suvning boshqa ichimliklardan farqi ham shunda aslida.

Suv sotishni mart oyidan boshladim. Savdo odatda oktyabrgacha, kunlar iliq bo‘lsa, noyabrgacha ham davom etadi. Darsdan bo‘sh vaqtimda, yozgi ta’til davrida shu ish bilan shug‘ullanaman, haftada ikki kun ingliz tili kursiga ham qatnayman. Ishlagan pulimning asosiy qismini repetitorga beraman, ortgani ro‘zg‘orga ketadi. Ayni kunlarda odam ko‘p va gazli suv tayyorlashga ketadigan xarajatlardan tashqari, kuniga 150 ming so‘mgacha pul topyapman.

Xo‘sh, sizning maktabda o‘qiyotgan farzandingiz hozir nima bilan mashg‘ul?

Sarvardan uning tengdoshlari, otasidan esa barcha ota-onalar o‘rnak olsa arziydi. Chunki ota farzandining qiziqishlarini qo‘llab-quvvatladi, unga ishonch bildirdi va bu o‘z samarasini bermoqda. Shu o‘rinda yana bir misol keltirsak: Hindistonlik Sundar Pichay ismli yigit AQShning Stenford universitetida o‘qish uchun grant yutadi. Biroq Hindistondan u yerga uchib borishga mablag‘i bo‘lmaydi. Shunda otasi o‘zining qariyb bir yillik maoshiga teng pulga unga chipta olib beradi. Yigit umrida birinchi marta samolyotga chiqib, AQShga uchib ketadi. 2015 yilda Sundar Pichay jahonning eng boy kompaniyalaridan biri - Google shirkatining bosh direktori etib tayinlanadi. 2019 yilda uning yillik maoshi 281 million dollarga teng bo‘lgan. Otaning bir paytlar farzandining kelajagi uchun ko‘rsatgan jasorati uning hayotida tamal toshi bo‘ldi va o‘z mevasini berdi.

Shuning uchun eng yaxshi sarmoya, bu - farzand kelajagi uchun tikilgan sarmoyadir.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.