Suvdan muammo yo‘q, muammo suvda
Halokat tufayli okeanda qolib ketgan odamlar haqida eshitganmisiz. Ular to‘rt tomoni suv bo‘la turib tashnalikdan azoblanadi. Ummonning sho‘r suvidan ichsa ham, suvsiz o‘tirsa ham o‘ziga jabr. Past Darg‘om tumani Joul Qosim mahallasidagi muammo bilan tanishar ekanmiz, xayolan shu manzarani ko‘z oldimizga keltirdik. Suv-ku bor, ammo uni iste’mol qilib bo‘ladimi?
Tuman markazidan uncha uzoq bo‘lmagan ushbu mahalladagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo haqida eshitib, vaziyatni o‘rganishga qaror qildik. Ma’lum bo‘ldiki, 3665 nafar fuqaro istiqomat qiladigan mahallada markazlashtirilgan ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q. Undagi 692 ta xo‘jalikning deyarli barchasi quduqlardan suv ichadi. Biroq yer sathidan atigi 6-7 metr chuqurlikdan olinadigan suvning iste’mol uchun yaroqliligi shubha ostida.
— Bundan 7 yilcha oldin quduqlarimizdagi suvni tekshirtirganman, - deydi mahalla raisi Said Omonov. — Nabiralarimning tez-tez qorni og‘rib qolishi sababini izlagandim o‘shanda. Tahlil suvimizdagi zararli moddalar me’yoridan 2-3 barobar ko‘pligini ko‘rsatgan. Shundan buyon mahallani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ko‘p joyga murojaat qildim. Natija bo‘lmadi. To‘g‘ri, hozir ba’zi oilalar toza suvni sotib olyapti, lekin besh qo‘l barobar emas. Quduq suvidan kundalik ehtiyojlarimizni qondirish uchun foydalanishga majburmiz.
Biz kirgan xonadonlarning deyarli barchasida quduq bor edi. Kimdir undan suvni “motor” orqali tortib olayotgan bo‘lsa, boshqalar eski usulda, paqirdan foydalanyapti. Biz bilan suhbatda bo‘lganlar quduq suvini avval tinitib, keyin qaynatib ichishlarini aytishdi.
— Esimni taniganimdan beri shu quduqdan foydalanamiz, - deydi mahalla ayollaridan biri R.Botirova. – Yaqin yillarda ichish uchun suvni arteziani bor xonadonlardan tashib kela boshladik. Yozda bu unchalik qiyin yumush emas, lekin qishda zahmati ortadi. Boshqa ilojimiz ham yo‘q, suvsiz yashab bo‘lmaydi, axir.
— Quduqlarimizdan loyqa suv chiqadi, - deydi yana bir fuqaro. — Mahalla markazidan pastroq tushsangiz, 4-5 metrdan ham suv chiqadigan joylar bor. U yerdagilarning ahvoli biznikidanda yomon. Mas’ullar bunga befarq. To‘g‘ri, mahallaning markaziy ko‘chasini asfalt qilib berishdi. Lekin suv muhimroqku. Viloyatning ayrim joylarida butun boshli yangi shaharlar qurilayotgan bir vaqtda, ikki-uchta mahallani toza ichimlik suvi bilan ta’minlashning iloji yo‘qmi?
Joulqosimliklarni qiynayotgan bu muammo butunlay e’tiborsiz qoldirilgan, deya olmaymiz. Joriy yil hududda “O‘zsuvta’minot” AJga qarashli “Suv ta’minoti va oqova suv obektlari qurilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK buyurtmasi asosida suv inshooti qurilishi boshlangan. Biroq tez kunlarda ishga tushishi ta’kidlanayotgan (pudratchiga pul o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi sababli qurilishi bir necha oyga kechikkan) inshoot mahallaning faqat 100 ta xonadonini toza ichimlik suvi bilan ta’minlar ekan. Bu juda kam, qolganlarning taqdiri nima bo‘ladi? Mas’ullar bilan bog‘lanib, ayni savolga javob olishga harakat qildik.
— Loyihada 120 ta xonadonga tarmoq tortish belgilangan, - deydi “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Past Darg‘om filiali bosh muhandisi Zohid Kazakov. — Lekin inshoot 180 ta xonadonni suv bilan ta’minlash quvvatiga ega. Boshqalar ham keyinchalik tarmoqqa ulanishlari mumkin.
Mas’ulning aytishicha, mahallada yana bir suv inshootini qurish bo‘yicha loyiha tayyorlangan. Lekin unga hali mablag‘ ajratilmagan. Loyiha bilan tanishmoqchiligimizni aytganimizda u qo‘lida yo‘qligini, tuman hokimligidan topishimiz mumkinligini aytdi. Tuman hokimligi “keyinroq” tashlab beradigan bo‘ldi. Xullas, “arqon” tortish boshlanib ketdi.
Yana bir qiziq holatni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Mahallaga biriktirilgan oilaviy shifokordan hududda qanaqa kasalliklar ko‘p uchrayapti, quduq suvi odamlar salomatligiga qanday ta’sir qilyapti, degan savollarimizga tayinli javob ololmadik. Shu vaqtgacha ular ichib kelayotgan suvni “SES” orqali tekshirtirib, aholini rasmiy ogohlantirish ham hech kimning xayoliga kelmagan. Xo‘p, shifokor e’tiborsizlik qilgan deylik, hududdagi muammodan boshqa hech kimning xabari yo‘qmi? Suv inshootini qurishda 100 ta emas, 180 ta xonadonga tarmoq tortilsa yoki inshootning quvvati yanada oshirilsa bo‘lmasmidi? Nega mas’ullar bilan bog‘lanib, ma’lumot so‘rasak, hammasi birdek “Endi qilinyapti, rejada bor”, deydi? Bugungacha rejasiz ishlanganmi? Oqibat bilan emas, sabab bilan kurashishni qachon boshlaymiz? Xullas, savollar tobora ko‘payib bormoqda.
Biz bu bilan kimnidir aybdor qilib, jazolatish fikridan yiroqmiz. Maqsadimiz e’tibordan chetda qolayotgan muammoni eslatib qo‘yish, xolos. Mana, xabarni yetkazdik. Endi mas’ullardan harakat, hech bo‘lmaganda munosabat kutib qolamiz. Bu gal ham “Rejada bor”, deyish bilan ish yopilmasa kifoya.
Asqar BAROTOV.