Suvni tejashni qachon o‘rganamiz?

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, bu boradagi madaniyatni yuksaltirish orqali omma ongida shakllangan “suv- tekin” tushunchasidan voz kechib, suvga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirishimiz shart va zarur. 

Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 yanvardagi qarori bilan tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etildi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan davlat byudjetiga tushgan tushumning 40 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirish orqali ushbu tashkilotlar faoliyatini moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. 

Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganida hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari (gidropost) asosida aniqlanganida suv solig‘i stavkasiga kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi belgilangan. 

Ya’ni, davlat byudjetiga ortiqcha yuk bo‘lishiga qaramasdan, suvni tejayotganlarni rag‘batlantirish choralari ko‘rilyapti. Davlat olib borayotgan bu siyosat joylarda qanday tushunilyapti? Umuman, Prezidentning yuqorida qayd qilingan qarori qay darajada ijro qilinmoqda? 

Afsuski, tahlillar joylarda bu borada ayrim sustkashliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, qarorga asosan, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zarur bino va joy bilan ta’minlash vazifasi tuman hokimlariga yuklatilgan. Biroq bugungi kunga qadar Ishtixon, Jomboy, Qo‘shrabot va Nurobod tumanlari “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari ma’muriy bino bilan ta’minlanmagan. 

O‘rganishlar suv resurslaridan foydalanish holati ham bugungi talabga mos emasligini ko‘rsatmoqda. 

Misol uchun, viloyatga (2024-2025 yillar) kuzgi-qishgi mavsum uchun ajratilgan cheklangan suv miqdori 424 million metr kub bo‘lib, tumanlarda suvdan foydalanish holati tahlil qilinganida amalda 449 million metr kub (limitdan 25 million metr kub ortiqcha) suvdan foydalanilgani aniqlandi. 

Xususan, Past Darg‘om tumanida 44,3 million metr kub, Paxtachida 26,7 million metr kub, Payariqda 17,2 million metr kub, Oqdaryoda 6,5 million metr kub, Narpay tumanida 3,7 million metr kub suvdan ortiqcha foydalanilgan. 

Albatta, bu holatning kelib chiqishi, ya’ni suvdan belgilanganidan ortiqcha ishlatilishiga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Chunki viloyat bo‘yicha rejadagi 7 ming gektar o‘rniga amalda bor-yo‘g‘i 121 gektar (1,7 foiz) maydonda tomchilatib sug‘orish joriy qilingan. 

Jumladan, Bulung‘ur tumanida 63 gektar yoki 7 foiz, Jomboy tumanida 58 gektar yoki 6 foiz maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. 

Boshqa tumanlarda esa bu boradagi rejalar umuman bajarilmagan. 

Bundan tashqari, viloyatda 3 ming 200 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 415 gektar yoki 12 foiz maydonda belgilangan ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Umuman, joriy yilda suv tejovchi texnolgiyalarni joriy etish ishlari bor-yo‘g‘i 676 gektar yoki 4 foiz maydonda tashkil etilgani masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini taqozo etmoqda. 

Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklarining 1600 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilgan. Tuman hokimliklari tomonidan berilgan hisobotlarda 863,2 kilometrda tegishli ishlar bajarilgani ko‘rsatilgan. 

Ammo joyiga chiqib o‘rganib ko‘rilganda amalda 220 kilometr sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgani yoki belgilangan ishlar 14 foizga bajarilgani oydinlashdi. 

Albatta, mas’uliyatni unutib qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘riladi. Ammo faqat bu bilan oldimizga qo‘yilgan maqsad va vazifaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, dala ishlari boshlanishidan avval qilinadigan ishlar jiddiy muhokama qilinib, aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Ahror Toshnazarov, 

viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyat mudiri.