Suvning narxini bilasizmi? Qadrini-chi?
Keling, sarlavhadagi savolga javob berishdan avval suvning qadri va narxini belgilovchi bir misolni o‘qiylik.
Yaqinda bir yumush bilan Toshkent shahriga boradigan bo‘ldim. Samarqand shahridan taksiga o‘tirdik. Ancha yurgach, haydovchi “metan-zapravka”ga to‘xtadi. Mashinaga gaz quydirganiga qadar biz kutib turish uchun shoxobchaning chiqish tomoniga yo‘l oldik. U yerda qator do‘konlar, kichik kutish zali hamda mashina yuvish joyi bor ekan. “Moyka”da bir yigit mijozining “Nexia”sini yuvardi. Hamrohlarimdan biri – yoshi yetmishlarga borgan otaxon “moyka” tomon burilib, yigitchaga nimalardir dedi. Yigitcha darhol suvni o‘chirib, mashinani artishni boshladi.
Shu payt ichkaridan “Nima gap, otaxon?”, deya yoshi kattaroq yigit chiqib keldi.
- Bolam, mashinani ichimlik suviga yuvayotgan ekansizlar, bunday qilmanglar, suv uvol bo‘ladi, - dedi hamrohimiz.
- Nima, bobo, siz suvning egasimisiz? Agar shunday bo‘lsa, bilib oling: suv hisoblagichim bor, pulini to‘lab qo‘yganman! Qancha istasam shuncha foydalanaman.
- Birinchidan, men suvning egasi emasman, ikkinchidan, gap hisoblagiching bor yo yo‘qligi, to‘lov qilish-qilmasligingda emas. Agar foydalangan suv haqi uchun ming so‘m o‘rniga million so‘m to‘lasang ham ishing noto‘g‘ri. Chunki toza suvni isrof qilmaslik kerak. Mashina yuvganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish ham mumkin...
“Moyka”ning egasiga bu gap yoqmagani yuzidan ayon edi. U bizning yo‘lovchi ekanligimizni bilib, ketishimizni kutdi, harakatidan “Otaxon, ketavering, nima qilishni o‘zim bilaman”, degan xulosani anglash qiyin emas edi.
Mashinaga minib, yo‘limizda davom etgach, otaxon suhbatni aynan suvni isrof qilmaslik haqidagi gap bilan boshladi:
- Boshqa davlatlardan ko‘ra o‘zimizning mamlakatda suv masalasi og‘ir. Buni ko‘pchiligimiz anglamayapmiz. Suv kamaysa, uning o‘rnini qoplaydigan narsa yo‘q. Qarang, Orol quriyapti, daryolarimiz yildan-yilga sayozlashib boryapti, bir paytlar o‘zanidan toshib oqqan ariqlarning ayrimlari bir yilda bir marta suv “ko‘rmayapti”. Ana endi, hovlilar, ko‘p qavatli uylardagi buzuq jo‘mraklardan oqayotgan suvni aytmasam ham bo‘ladi. Jo‘mrakda ignadek ingichka suv oqimi paydo bo‘lib, undan suv to‘xtamay oqsa, bir sutkada 840 litr suv oqib ketarkan. Ko‘zimiz o‘ngida bo‘layotgan bunday holatlardan xulosa qilishimiz kerak.
Otaxon haq edi. O‘zim, hamrohlarim ham u kishining gaplarini tasdiqladik. Manzilga borguncha suv muammosi, uni isrof qilmaslik haqidagi suhbatimiz davom etdi.
Shu suhbat va “moyka” voqeasi ta’sirida internetni ochib, dunyoda suv qadri va narxi bo‘yicha ma’lumotlarni izladim va o‘qidim. Yozishlaricha, ayni kunda Yer yuzining 70-75 foizi suv bilan qoplangan bo‘lsa-da, barcha suv resurslarining 97 foizidan ortig‘i sho‘r suv sanaladi. Qolgan 3 foizi muzliklar va Antarktida qorlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sayyora aholisi har kuni ichimlik va boshqa ehtiyojlar uchun 10 milliard tonnadan ortiq suvdan foydalanadi.
Dunyo bo‘ylab 771 milliondan ortiq odam toza ichimlik suvidan foydalana olmas ekan. Yana shunday mamlakatlar bor ekanki, odamlar o‘z daromadining 50 foizidan ortig‘ini toza ichimlik suvi uchun sarflashar ekan.
Quyidagi raqamlar esa e’tiborimni tortdi: “Dunyodagi 1 metr/kub suvning narxi eng qimmat bo‘lgan davlatlar:
- Daniyada 9,70 dollar;
- Belgiyada 7,54 dollar;
- Norvegiyada 7,09 dollar;
- Alyaskada oyiga 95 dollar;
- Germaniyada 6,6 dollar;
Suvning narxi eng arzon davlatlar:
- Misr (Qohira)da 0,05 dollar;
- Kuba (Gavana)da 0,04 dollar;
- O‘zbekistonda 0,4 dollar;
- Pokiston (Karachi)da 0,04 dollar;
- Indoneziya (Jakarta)da 0,03 dollar.
Qo‘shni davlat - Turkmanistonda ichimlik suv 2017 yil 1 noyabrga qadar bepul bo‘lgan ekan. 2019 yilgacha belgilangan limit bepul bo‘lgan, undan so‘ng aholi uchun suv narxi 0,14 dollar etib belgilangan. Qozog‘istonda hududga qarab narxlar o‘zgaradi va aholi uchun o‘rtacha narx 0,18 dollarni tashkil etadi.
Aholi o‘sib borishi natijasida har yili suv iste’moli ehtiyoji ikki baravarga oshmoqda. Suv zaxiralari notekis sarflanishi oqibatida 2 milliard odam keskin suv tanqisligini boshdan kechirmoqda, 4 milliard odam esa ko‘pincha ta’minotning uzilishiga duch kelmoqda. Rivojlangan mamlakatlar kuniga trillionlab litr suv iste’mol qilayotgan bir paytda ko‘pgina Osiyo-Afrika mamlakatlarida suv bilan bog‘liq keskin muammolarga duch kelyapti.
Ana endi O‘zbekistondagi holat haqida. Bizda ham suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yil sayin jiddiylashyapti. Atrofga – dengiz, daryo, ariqqa e’tibor bilan qarang, otaxon aytgan gap naqadar to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilasiz. Yurtimizda suv resurslari yildan-yilga kamayib boryapti. Har bir narsaning nihoyasi bo‘lganidek, ichishga yaroqli toza suvning ham o‘z yakuni bor. Lekin uni ehtiyotlab, aql bilan sarflab «umri»ni uzaytirish – o‘z qo‘limizda.
Yomoni, suvni tejash, isrof qilmaslikka o‘rgana olmayapmiz. Bu holatga har birimiz yon-atrofimizda, kundalik turmushimizda guvoh bo‘lyapmiz. Aksariyat kishilar tarvuz-qovun, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun juda ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatyapti. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘q bilan sovutish ham mumkin-ku, axir. Buni odamlarga tushuntirsak, qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, yaxshi bo‘lardi.
Darvoqe, yaqinda tanishlar orasida ichimlik suv borasida kichik bahs bo‘lib qoldi. Viloyatimizning ayrim qishloqlaridagi ko‘p yillik buloqlarning suvi tortilib yo‘q bo‘lib borayotgani, ichimlik suv taqchilligi borasidagi bahsimizga bir yigit qo‘shildi.
- Yer kurasining 70 foizi suvdan iborat bo‘lsa, nimadan xavotir olyapsizlar, - dedi u dabdurustdan.
Bu yigitning shu yoshga yetib, u aytayotgan suvning atigi uch foizigina ichishga yaroqli ekanligini bilmasligi meni hayratlantirdi. Suhbat davomida bildimki, hali-hanuzgacha okean, daryo, dengiz suvlarini maxsus texnikalar yordamida tozalab, filtrlab ichish mumkin, deb o‘ylaydiganlar, afsuski, oramizda ko‘p ekan. Balki shu boisdan ham aholi orasida suvni isrof qilish holatlariga qaratilayotgan e’tibor u qadar maqtanarli emasdir. Agar ichimlik suvga bu yigit aytganidek ehtiyoj bo‘lmaganda edi, bugunga qadar dunyoda yuz minglab odamlar suvsizlikdan qiynalishmas, minglab kishilar, yosh bolalar yaroqsiz suv iste’moli tufayli hayotdan ko‘z yummasdi...
Qarang, zamon rivojlanib, har bir qishloq, mahallalarga, xonadonlarga toza ichimlik suv kirib boryapti. Ilgarilari quduqdan, olis hududlardan tashib ichilgan suv endilikda shundoqqina uyimizdagi jo‘mrakdan oqib turibdi. Bunga shukrona keltirishimiz, oldimizdan oqqan suvning qadriga yetishimiz kerak emasmi? To‘g‘ri, suvdan isrof qilmay foydalanayotganlar ko‘p. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaganiday, aholi orasida ichimlik suvining shlanglar bilan ko‘cha va hovlilarga tinimsiz sepilishi, mashina, gilam yuvishda chek-chegarasiz foydalanilishi achinarli holat-da. O‘z o‘rnida bu katta isrof ham. Xalqimiz “Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan”, deb bejiz aytmagan. Har bir isrof qilingan narsaning uvoli bo‘lganidek, suvni ham tinimsiz isrof qilish o‘nglab bo‘lmas oqibatlar bilan tugaydi. Mana shu ayanchli holatga tushmaslik uchun har tomchi suvni e’zozlaylik, uning qadriga yetaylik. Vaziyat bugungidan ham ayanchli holga kelishi, suvning oltin bahosiga tenglashishi mumkinligini aslo unutmaylik.
Akram Haydarov.