Suvning qadrini “Suvoqava” biladimi?

Tahririyatimiz binosi (U.Tursunov ko‘chasi) yaqinidagi ichimlik suvi quvuridagi nosozlik tufayli suv oqib yotganiga bir hafta bo‘ldi. Tegishli idoralarga murojaat qildik.

Samarqand shahar “Suvoqava” korxonasidan, viloyat tashkilotidan mas’ullar kelib holat bilan tanishdi. Suv chiqayotgan joyni maxsus texnikalar yordamida kovlab ko‘rishdi. Suv bu yerdan chiqmayotgan ekan. Tarmoqning boshlanish joyini ko‘rish kerak, deb ketishdi. Shanba-yakshanba kuni tuzatishlarini aytishgan edi.

Bugun ertalab kelsak, ahvol o‘zgarmagan.

Bir hafta davomida bu yerdan qancha ichimlik suvi behuda oqib yotdi, qayerlargadir, kimlargadir suv yetib bormadi. Buning hisobi bormikan? Ko‘chadagi yoki xonadondagi birorta jo‘mrak nosozligi oqibatida ichimlik suvi behuda oqib yotsa, jarima qo‘llashadi, lekin nega bir haftadan buyon tonnalab suv sarf bo‘layotgan avariyani bartaraf etishga e’tibor qaratishmaydi? Nima, suvning qadr-qimmatini “Suvoqava” mas’ullari bilmaydimi?