Suvning uvoli tutmasin yoxud suvga bo‘lgan munosabatimiz xususida mulohaza

Tabiat va ekologiya haqidagi anchadan beri band etib kelayotgan fikrlarimni keng jamoatchilik hukmiga havola qilishni lozim topdim.
Kelajak avlodlarga bizdan nima qolishi kerak? Axir yaqin o‘n yillar ilgari ovqatdan bo‘shagan qozon-tovog‘imizni uyimiz oldidan oqib o‘tuvchi ariqqa yuvib olardik. Osh-ovqatimizga ishlatish uchun toza vodoprovod suvlari bo‘lgani uchun idish-tovoqlarni, ayrondan bo‘shagan xaltalarni ariq suviga yuvardik. Chunki o‘sha paytlarda uning suvi toza edi...
Kasri kimga uradi?
Mana, o‘n-o‘n ikki yillardan beri ariq suvlari ifloslanib ketdi. Endi ariqqa kosa-tovog‘imizni yuvganimizni biron kishi ko‘rib qolsa, burnini jiyirmasdan o‘tib ketmaydi. Buyam mayli, albatta, to‘xtab, dakki beradi - ariqqa qaysi xonadon hammomi oqovasini tashlab qo‘ygani-yu qaysi uy egalari hojatxonasidan quvur chiqarib qo‘yganini aytib beradi. Lekin hech kim o‘sha xonadon egasiga borib, “Nega unday qilyapsan?” demaydi. Hamma o‘z tinchini o‘ylaydi...
Serquyosh o‘lkamiz azaldan mo‘’tadil iqlimidan tashqari, sharqiragan soylari-yu undagi zilol suvlari bilan dunyo ahlini lol qoldirib kelgan. Qadim yurtimizning oqar suv havzalari bizning davrimizga – ayni bugungi kunga kelib, qanday ahvolda?
Ota-bobolarimiz ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha asrlar osha olib kelgan dov-daraxtlarga, ona tabiatga, oqar suvlarga ko‘r-ko‘rona hujum boshladik. Bugungi kunda na shahar, na qishloqlardagi birorta suv havzasi yo‘qki ifloslanmagan bo‘lsin.
Biz bu holga ko‘nikib, uni oddiy hol sifatida qabul qilishga o‘rgandik.
O‘ylab o‘yimga yetolmayman, nega fikrlamay qo‘ydik, bu holatning kasri kimga uradi?
Menga, sizga – barchamizga yana savol
Markaziy yo‘llar atrofidan oqib o‘tuvchi kanallar, ariqlar ichiga qarasangiz nimalar yo‘q?!
Son-sanoqsiz yelim idish, tovuq patlari, molning ichak-chavoqlari, eski kalish, shippaklar, pamperslargacha - hamma-hammasi suvga tashlangan. Shu iflos chiqindilar oralab esa zilol suv - Xudoning bizga bergan tengsiz ne’mati, butun tiriklikning, odamzotning, butun tabiatning gullab-yashnashi uchun eng kerakli bo‘lgan obi-hayot oqib turibdi.
Suv havzalaridagi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday iflosliklar endi jim turish fursati o‘tganini, bong urish, hayqirish kerakligini anglatadi. Ming afsuski, hozir juda ko‘p kichik korxonalar, oshxona-yu baloyu battarlar chiqindilarini suvga tashlayotgani hech kimga sir emas. Kattayu kichik suv havzalarining qaysi biriga qaramang, hammasida turli chiqindilar oqib yotganini ko‘rib, dilingiz xufton bo‘ladi. So‘ngsiz savollar quyilib kelaveradi: bu iflos oqova o‘rnida sharqiragan zilol suv oqsa yaxshi emasmi?
Tabiat injiqligiga xudbinligimiz sababmasmikan?
Diyorimizda suv reserslari yildan-yilga kamayib bormoqda. Orol dengizi qurigandan keyin navbat katta-kichik daryo-soylarimizga keldi. Mana, ikki yildirki, uyimiz oldidan oqib o‘tuvchi ariqlarda qishin-yozin bir tomchi suv yo‘q. Nega shunday bo‘lyapti?
Bolalik paytlarimda saraton pallasida suv qirg‘oqlarini yemirib, tog‘day-tog‘day ulkan jarliklarni ichiga nuratib, vahshat bilan guldurosu suron solib, domiga nima ilinsa, oqizib ketuvchi qadimiy Zarafshon daryosida yoz chillasida ham suv yo‘q.
Daryo, kanal, ariqlarimizdagi suvlar qurib borayotgani uchun yer osti suvlariga hujumga o‘tdik. Zarafshon daryosi qirg‘oqlaridagi temir-tersak, beton, yana allambalolar uyumlarini ko‘rgan insofi bor odamning aqli shoshadi. Daryo qirg‘oqlaridagi yashnab turgan dov-daraxtlar o‘rnida paydo bo‘lgan tonnalab chiqindi uyumlarini nima bilan oqlab bo‘ladi?
Alhazar! Obi hayotga qilayotgan ko‘r-ko‘rona hujumlarimiz uchun Xudo bizni albatta jazolaydi. Yaratgan egam "Men bergan ne’matlarni xor qilgan bandalarimni kechirmayman!", degan.
Asli Tojikiston tog‘laridan boshlanib, yuzlab irmoqlardan bir butun yaxlit daryo - Zarafshon bo‘lib, yurtimiz sarhadlari uzra oqishining o‘zi Yaratganning bizga bergan tengsiz ne’mati edi-ku! Shu qadim daryo tufayli ro‘yi zamin sayqali Samarqand vujudga kelgan-ku!
Zarafshonning bir irmog‘i bo‘lgan Darg‘om kanali ham yildan-yilga suvsizlanib boryapti...
Chashmani unutdik...
Yaqinda bir kichik tadqiqot o‘tkazib ko‘rdim. Yoshlardan chashma so‘zining ma’nosi, umuman, u nimani anglatishini so‘radim. Chashma yer ostidan chiqayotgan suv manbai va uning suvi ekanligini biladigan o‘g‘il-qizlar topilmaganidan hayratga tushmadim.
Bilasizmi-yo‘qmi, Samarqand shahrining qoq markazidan oqib o‘tuvchi qadimiy Chashma arig‘i bor. Esiz nom, esiz chashma.
Qadimda ming yillar davomida chashmalardan boshlanuvchi bu ariqning suvi butun Samarqand aholisini obi hayot bilan ta’minlagan. Eng ahamiyatlisi, o‘tmishda odamlar bu ariq ichiga chiqindi, mag‘zava tashlash nari tursin, hatto bet-qo‘lini yuvishga-da jur’at qilmagan.
Bu ariqning boshi yer tagidagi chashma-buloqlardan boshlanib, yer tagidan qaynab chiqqani uchun suv o‘ta shifobaxsh hisoblangan. Ariqning boshlanish qismidagi suvi bugun ham shu darajada zilol, tiniqki, ta’rifga so‘z ojiz. Shahar ichiga kirib, biror kilometr oqqandan keyingi holatini ko‘rsangiz, ifloslikni ta’riflashga so‘z topolmaydi odam. Chunki ariq suvining sassig‘iga chidash qiyin bo‘lgani yetmaganday, suv o‘rnida qora bo‘tana, badbo‘y narsa oqayotganini ko‘rib, yoqa ushlaysiz. Mashina moyiga o‘xshab ketadigan qop-qora suyuqlik sabab ariqqa yaqin borsangiz, ko‘nglingiz ayniydi.
Ariq qirg‘og‘ida yashaydiganlarning ishlarini ko‘rib, tabiat qolib, Yaratguvchi ularni farosatdan qisib qo‘yganiga achinib ketasiz.
Chashma suvining harorati doimiy mo‘’tadil bo‘lishi, foydali minerallar va tuzlar bilan to‘yinganligi sabab insonni tinchlantirish va uning tanasiga ijobiy ta’sir qilish xususiyatiga ega ekanligini bugungi avlod bilarmidi?! Zotan, bugun chashma so‘z sifatida qolayotgan, uning asl ko‘rinishi unutilayotgan bo‘lsa...
Qimmat bo‘lsa qadrli(mi?)
Hech kimga sir emas, ayrim zavod va fabrikalar ishlatilgan oqova suvlarini hamon oqar suvga tashlamoqda. Nega biz bu darajada tubanlashib atrof-muhitni, ona tabiatni chiqindixonaga aylantiryapmiz? Axir biz ongsiz jonzot emas, ongli mavjudotmiz-ku!
Menimcha, bunga birinchi navbatda xotin-qizlarimiz aybdor. Oqar suvlarga chiqindi tashlash mumkin emasligi, suvni ifloslantirish o‘taketgan pastkashlik ekanligini farzandlariga ulardan boshqa yana kim tushuntiradi?
Yaqinda Boltiqbo‘yi mamlakatida ishlab kelgan bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, Yevropada toza ichimlik suvi zaxiralari me’yoridan ortiq ariq va kanallari oqar suvlar bilan to‘la bo‘lishiga qaramay, ichimlik suvini ham, oqar suvni ham shu darajada qadrlab, tejamkorlik bilan ishlatishar ekanki, asti so‘ramang...
Xayriyatki, 3-4 yillardan buyon suvni ko‘r-ko‘rona isrof qilishdan biroz tiyilgan uy bekalari ko‘paydi. Lekin erkatoy bolasining bir og‘iz so‘zi uchun katta bir basseynni toza ichimlik suvi bilan to‘ldirib, bitta-ikkita daraxt bargi tushgani uchun tonnalab suvni oqizib tashlaganlar ham yo‘q emas.
Ayrim xotin-qizlar, kelinchaklar ertalab xonadoni atrofini, ko‘chalarni supurib, qancha chiqindi bo‘lsa, hammasini ochiqchasiga ariqqa tashlaydi. Shu masalani bir necha marta mahalla faollariga aytdim, lekin foydasi bo‘lmadi.
Yana o‘tirib o‘y suraman, qachongacha “Sen menga tegma, men senga” qabilida ish tutamiz? Ota-bobolarimiz ko‘zlariga to‘tiyo qilgan ona tabiatga hujum qilishni qachon to‘xtatamiz?
Salomat Mamatqulova.