Tabiatga oshno olim shogirdlarini ham ezgu yo‘lga undamoqda

Taniqli biolog olim, Samarqand davlat universiteti professori Jo‘raqul Xo‘jayev 58 yildan buyon yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va oliy ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. Uning mazmunli hayot yo‘li ko‘pchilikka ibrat maktabi bo‘lishga loyiq.
J.Xo‘jayev 1936 yilda tavallud topdi, 1958 yilda Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga hujjat topshirdi. U talabalik davridayoq ilm-fanga, bilim olishga chanqoqligi bilan kursdoshlaridan ajralib turardi. Ilmiy to‘garaklar va anjumanlarida o‘z ma’ruzalari bilan tez-tez chiqishlar qilib bordi. Fakultetning jamoat ishlarida faol qatnashdi. Diplom ishini Leningrad o‘simliklar fiziologiyasi laboratoriyasi professori D.Sapojnikov rahbarligida amalga oshirdi. U 1963 yilda universitetning biologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ilm dargohida professorlar D.Saidov, A.To‘laganov, Ye.Proskuryakov, A.Sagitov, D. Qobulov kabi ustozlaridan fan sirlarini o‘rgandi. Ular yosh olimni fakultetning o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasiga assistentlikka taklif qilishdi. 1965 yilda aspiranturada tahsil oldi. U aspiranturani tugatmay turib fan nomzodi bo‘ldi. Qator yillar J.Xo‘jayev qadrdon kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent bo‘lib ishladi.
O‘zbekiston sharoitida paxtachilik qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i ekanligiga e’tibor qaratgan yosh olim butun ilmiy faoliyatini «G‘o‘za fiziologiyasi va uning hosildorlik darajasini oshirish muammosi»ni yanada chuqurroq o‘rganishga qaratdi. 1985 yilda shu yo‘nalishda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda professor unvoni berildi. Uning ilmiy-tadqiqot ishlari xalqaro miqyosda tan olindi.
J.Xo‘jayev biologiya fakultetining dekani va universitet partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 17 yil davomida esa o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasining mudiri lavozimlarida ishladi.
Professor rahbarligida 7 nafar fan nomzodi, 4 nafar doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. 1993 yilda bo‘lajak biologlar uchun «O‘simliklar fiziologiyasi» o‘quv qo‘llanmasini davlat tilida chop ettirdi. Maxsus elektron kitob yaratdi. Uning muallifligida 20 ga yaqin o‘quv-uslubiy qo‘llanma va darsliklar, 160 dan ortiq ilmiy maqolalar va risolalar chop etildi.
Ustozning ilmiy-pedagogik va jamoatchilik ishlari munosib taqdirlangan. Unga 1995 yilda universitetda xizmat ko‘rsatgan professor, deya e’tirof etilgan bo‘lsa, keyinchalik «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni hamda o‘nlab faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
Domla umr yo‘ldoshi Zaynab aya bilan besh nafar o‘g‘il-qizlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ular bugungi kunda 12 nafar nevaralarining bag‘rida sermazmun hayot kechirmoqda. Bugun o‘zining muborak 85 yoshni qarshilayotgan ustoz Jo‘raqul Xo‘jayevichga barcha shogirdlari nomidan mustahkam sog‘liq, oilasiga tinch-totuvlik va xayru barakot tilaymiz.
Sirojiddin O‘roqov,
Samarqand davlat universiteti kafedra mudiri.