Tadbirkor auksionda g‘olib bo‘lganini qanday bilishi mumkin?

Avvalo, mulkka egalik huqu­qini qo‘lga kiritish tartibiga to‘x­talsangiz. Chunki o‘zboshimchalik bilan qurilgan bir qator uy egalari kimga murojaat qilishni bilmay turibdi.

– O‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga nisbatan mulk huquqini olish uchun fuqaro davlat xizmatlari markazi orqali tuman (shahar) hokimiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizaga fuqaroning pasport nusxasi, oila a’zolari haqida hamda imorat qurilgan vaqt to‘g‘risida mahalla ma’lumotnomasi ilova qilinadi. Ana shu ma’lumotlardan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.

Yuqoridagi farmon hamda qaror e’lon qilingach, ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tashkil etilgan bo‘lib, ariza kelib tushgandan so‘ng joyga chiqqan holda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat o‘rganiladi va dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Ana shu dalolatnomada komissiya a’zolarining xulosalari aks ettiriladi hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkinligi yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi. Bu ishlar 11 kun ichida amalga oshiriladi.

Komissiya tomonidan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topilganda dalolatnoma tasdiqlangan kunning o‘zida davlat xizmatlari markaziga murojaat etuvchi bir martalik yig‘imni to‘lashi uchun elektron shaklda hisobvaraq-fakturani tizim orqali yuboradi. Bu yig‘im eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida deb belgilangan bo‘lib, 4 ish kunida to‘lovni amalga oshirish lozim.

Bir martalik yig‘im to‘langandan keyin 2 kun mobaynida imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida hokim qarori loyihasi tayyorlanadi va tasdiqlash uchun hokimga taqdim etiladi. Hokim qarori 2 ish kuni mobaynida qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror nusxasi davlat xizmatlari markazi tomonidan murojaat etuvchiga taqdim etiladi.

Demak, fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilgan, necha yillar davomida taqdiri noma’lum bo‘lib turgan uyiga egalik huquqini olish uchun bor-yo‘g‘i bir marta davlat xizmatlari markaziga boradi. Shundaymi?

Xuddi shunday. Ya’ni, bir marta ariza topshiradi, ikkinchi marta pul to‘laydi. Hokimiyat, kadastr, qurilish va boshqa idoralarga qatnash shart emas. Aytish kerakki, davlatimiz rahbarining ushbu farmoni ko‘plab yurtdoshlarimizning uy-joyga egalik huquqiga erishishiga katta imkoniyat beradi. Shu bilan birga, fuqarolarning mazkur masala yuzasidan davlat idoralariga murojaat qilish ko‘rsatkichlari sezilarli ravishda kamayadi.

Ammo shuni esdan chiqarmaslik kerakki, egalik huquqini rad etishga sabab bo‘ladigan holatlar ham bor. Avvalo, umrbod egalik qilish huquqi beriladigan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga to‘xtalamiz. Demak, quyidagi hollarda mulk huquqi e’tirof etiladi:

–  o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, jismoniy shaxslar tomonidan uzluksiz foydalanilayotgan yer uchastkalari, agar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasa yoki fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa, qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar (shu jumladan, har bir oilaga belgilangan me’yorlar) doirasida;

belgilangan tartibda berilmagan yer uchastkalarida qurilgan ob’yektlar mulkdori bo‘lmagan, lekin o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib, jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilayotgan imoratlariga va yer uchastkasiga;

jismoniy shaxslar tomonidan "Yer to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishiga qadar yakka tartibda uy-joy qurish, shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun foydalanib kelayotgan imoratlar va yer uchastkasiga huquqlarini belgilovchi hujjatlari saqlab qolinmagan bo‘lsa;

dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jalik yuritish uchun foydalanilmayotgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga "Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasida belgilangan me’yorlar doirasida.

Mulk huquqi e’tirof etilmaydigan holatlar esa quyidagicha:

aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolar yig‘inlari hududlarini me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga zid ravishda joylashgan imoratlarga;

magistral quvurlar, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek, aerodromlar, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga;

qonun hujjatlari bilan qurilishi taqiqlangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda hamda tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashgan imoratlarga;

o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo‘lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa.

Fuqaro komissiya qaroridan norozi bo‘lsa-chi?

Bunday holatda bir martalik aksiya tugagunga qadar tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi komissiyaga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Bir martalik aksiya 2019 yilning 1 may kuniga qadar davom etadi.

Endi ko‘pchilik murojaat qiladigan yana bir masalatadbirkorlik uchun yer olish tartibidagi o‘zgarishlar xususida to‘xtalsangiz.

Joriy yil 4 aprelda Prezidentimizning "Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori imzolandi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi. Sodda qilib aytganda, bu bo‘yicha ham hyech qanday sarsongarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Barchasi elektron tarzda amalga oshiriladi

Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma operator veb-portalida (https://e-auksion.uz/) u o‘tkazilishidan kamida 30 kalendar kun avval joylashtirilishi kerak. Auksion ikki shakl­da o‘tkazilishi mumkinyopiq va ochiq. Yopiq auksionda faqat yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) ro‘yxatga olingan doimiy yashovchi yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Ochiq auksionda esa barcha yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin.

Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab avtomatik tarzda qabul qilinadi. Auksionni o‘tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13:00 da) yakunlanadi.

Siz yer olmoqchi bo‘lsangiz, buyurtmanomani yuqoridagi saytda to‘ldirasiz va u elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi (Maxsus elektron raqamli imzo auksion operatoriMajburiy ijro byurosi qoshidagi "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan beriladi. Tahririyat). Shuningdek, uchastka boshlang‘ich qiymatining 20 foizi miqdorida zakalat kiritish va buyurtmanomada to‘lov hujjati rekvizitlarini ko‘rsatish talab etiladi. To‘lov hujjatining to‘lov maqsadida lot raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim, har bir ob’yekt bo‘yicha alohida to‘lov hujjati talab etiladi

Auksion ish kuni mobaynida soat 9:00 dan 18:00 gacha u yakunlangunga qadar ishtirokchilar shaxsini oshkor qilmasdan o‘tkaziladi. Biroq bu ishtirokchilar kun davomida o‘zlari uchun qulay paytda o‘z takliflarini bildirishga haqli ekanliklarini anglatmaydi. Gap shundaki, oxirgi taklifdan so‘ng 10 daqiqa davomida hyech kim keyingisini tasdiqlamasa, uni tasdiqlagan ishtirokchi auksion g‘olibiga aylanadi. Ya’ni, auksion soat 9:00 dan 18:00 gacha davom etishi uchun boshlang‘ich narx kamida 54 marta 5 foizdan (auksion qadami) oshirib borilishi zarur. Shu tariqa, kun oxiriga kelib, lot qiymati kamida 270 foizga oshishi mumkin. Soat 18:00 bo‘lishi bilan faol savdo to‘xtatilmay, soat 21:00 gacha xuddi shu tarzda davom ettirilishi mumkin. Bu holda soat 21:00 gacha oxirgi taklifni bildirgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

Tadbirkor auksionda g‘o­lib bo‘lganini qanday bilishi mumkin?

Auksion yakunlangach, uning natijalari portalda e’lon qilinadi, shuningdek, auksion tashkilotchisi uning bayonnomasini tegishli hokimlikka yuboradi. Hokimlik uch kun davomida yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror chiqaradi hamda uni yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga jo‘­natadi. U yerda uchastkaning kadastr hujjatlari belgilangan tartibda  rasmiylashtiriladi.

Anvar MUSTAFOQULOV

suhbatlashdi.