Tadbirkor: Avval faoliyat yuritganlar bilan bugungilarning farqi nimada?

Tadbirkorlik mahallalarga yangi muhit olib kiradigan, odamlarga shijoat beradigan barcha sohalar lokomotivi hisoblanadi. Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi aynan ular tomonidan yaratilmoqda. 

Ular ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, umuman, har sohada yangi loyihalarni amalga oshirib, odamlarni ish bilan ta’minlayapti. Mamlakat iqtisodiyoti rivoji, xalq farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilgani boisi ham shunda. 

Yangilangan Konstitutsiyamizda qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit yaratish, tadbirkorlik faoliyati erkinligining huquqiy kafolatlari yaratildi. Birgina 2024 yilda tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilingani sohani jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 

Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolardi. Bugun-chi? Ayni paytda uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. 

O‘tgan yillar davomida biznes yuritishga doir 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazilib, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilgan holda, muddatlari qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi. 

Berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar, qulayliklar evaziga tadbirkorlik sub’yektlari soni yil sayin oshib, jamiyatda ularning obro‘si va mavqei yanada ortdi. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. 

Bugungi tahlikali va murakkab sharoitga qaramay, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib bormoqda. Buni dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari ham e’tirof etyapti. Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani ham ushbu fikrimizning yaqqol isbotidir. 

Biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilmalar uchun katta mablag‘lar yo‘naltirilayotgani yurtimizda tadbirkorlikning keng quloch yoyishi, ishbilarmonlar safi yanada kengayishiga turtki berdi. Bu esa partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar, kichik biznes vakillarini erkin, samarali faoliyat yuritishiga, faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. 

Yaqinda Prezidentimiz raisligida mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan videoselektor shaklida o‘tkazilgan muloqot davomida ham sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yil yakunlari va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama qilinib, galdagi muhim vazifalar belgilab berildi. 

O‘zLiDeP saylovoldi dasturida tadbirkorlar faoliyatiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish, qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 

Soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritilishi ham partiyamizning saylovoldi dasturidagi asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Yig‘ilishda qo‘yilgan barcha vazifalar partiyamiz maqsadlariga uyg‘un va hamohangdir. 

Diyor HUSANOV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.