Tadbirkor paysalga solinayotgan muammosi bo‘yicha adliyaga murojaat qildi
Samarqand shahar Qorasuv massivida faoliyat yurituvchi “Motrid metal produkt” MChJ rahbari F.Ahmedov Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Sababi, tadbirkorga tovon tariqasida Samarqand shahar hokimining 2021 yil 3 iyundagi 320-Q-sonli qarori bilan ajratilgan yer maydoni o‘lchab berilmagan.
Aniqlanishicha, Samarqand shahar hokimining 2021 yil 3 iyundagi 320-Q-sonli qarori bilan tadbirkorning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan sexining bino va inshootlari hamda yer maydoni buzilishga tushgan. F.Ahmedov yer maydonini o‘lchab berish haqida bir necha marotaba hokim qabulida bo‘lgan va hokimlik mas’ullariga ham murojaat qilgan. Ammo natija bo‘lmagan.
Viloyat adliya boshqarmasi tadbirkorning murojaatidan kelib chiqib, Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritdi hamda sudning hal qiluv qarori bilan Samarqand shahar hokimligiga yer maydoni o‘lchab berish majburiyati yuklatildi.