Tadbirkor urush qatnashchisiga televizor sovg‘a qildi

Ikkinchi jahon urushida paxtachilik o‘g‘lonlarning ko‘rsatgan jasorati, mardlik va matonati g‘alabaga katta hissa qo‘shgan. Hozirda ulardan ikki nafari hayot. Viloyat va tumandagi korxona-tashkilotlar, ishlab chiqaruvchilar sana arafasida otaxonlarni G‘alabaning 75 yilligi bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alari topshirmoqda.

Jumladan, Shvetsariyaning “PariSA” kompaniyasi Samarqanddagi “Registon-Sherdor” xorijiy korxonasi direktori nomidan jamoa rahbari Vladimir Javodov va korxona ijrochi direktori Dagar Shukurovlar Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ikki nafar otaxonni bayram bilan tabriklab, ularga televizor va 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini topshirishdi.

- Ayni 17 yoshga to‘lganimda urush boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Navbatimiz kelganda biz ham frontga otlandik, - deydi Paxtachi tumani Bog‘oloni mahallasida yashovchi G‘affor Safarov. – Urush tugaganiga 75 yil to‘layotgan bo‘lsa-da, uning asoratlari, qayg‘uli xotiralari aslo yodimizdan ko‘tarilmaydi. Bu urush qancha oilalarga tashvish olib keldi, azamat yigitlarning yoshligini olib ketdi.

Shuningdek, korxona vakillari tumandagi 50 ta kam ta’minlangan oilalarga ham 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatishdi.

Izzatulla NORQUVVATOV.