Tadbirkorlardan 600 dan ortiq murojaat tushdi
Shu yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlar oldidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida Investitsiya va tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman hamkorligida 1094 raqamli Call-markaz tashkil etilib, doimiy ravishda tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha vazirlik, idoralar va viloyatlarga yuborilib, ijroga qaratilmoqda.
Viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasida sohaga daxldor boshqarma va idoralarning mutaxassislari jalb etilgan holda shtab tashkil etilgan. Ushbu shtabda murojaatlar tegishli ravishda boshqarma va mahalliy hokimliklarga yo‘naltirilmoqda.
- Joriy yilning 3 avgust sanasigacha 606 ta murojaat bo‘ldi, - deydi Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti viloyat shtabi a’zosi Ali Rahmonov. – Ularning 498 tasi o‘rganib chiqildi, 108 tasi o‘rganish jarayonida. Bildirilgan murojaatlar tahlil qilinganda, tijorat banklari bo‘yicha 185 ta, viloyat tashkilotlari darajasida 290 ta, shahar-tuman hokimliklariga tegishli 128 ta masala qayd etilgani ma’lum bo‘ldi. Murojaatlar ko‘proq soliq, prokuratura, qishloq xo‘jaligi, adliya, elektr ta’minoti sohalarida kuzatilmoqda.
Tadbirkorlar “Taklif@2022.uz” elektron portali orqali ham o‘z taklif, murojaat va g‘oyalarini bildirish imkoniyati ham yaratilgan.
O‘.Xudoyberdiyev.