Tadbirkorlarning o‘zi uchun mutaxassis tayyorlashdagi barcha xarajatlari qoplab beriladi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda har yili kasb-hunarga o‘qitishga 200 milliard so‘m ajratilayotgani, ammo bu mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bog‘lanmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, o‘zi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin bunda davlat qo‘llab-quvvatlovi kerak.

Prezident aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag‘batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.

Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.

Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.

Bu mablag‘lar hisobidan:

- kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi;

- tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.