Tahliliy tanqiddan tegishli xulosagacha
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi XV majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda deputatlik birlashmalari tomonidan 2019 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, ikkinchi yarim yillikda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
- Viloyat, tuman, shahar Kengashlari va deputatlik birlashmalari o‘z faoliyatini davlatimiz rahbari tomonidan siyosiy partiyalar oldiga qo‘yilayotgan talablar, belgilab berilayotgan ustuvor vazifalar hamda Markaziy Kengash tomonidan tasdiqlangan aniq reja asosida tashkil etib kelmoqda, - deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi Z.Shodiyeva. – Biroq deputatlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni qay darajada oqlashayapti? Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlarimiz tomonidan doimiy komissiyalar muhokamasiga 14 ta masala kiritilgan, 54 marta mansabdor shaxslarning hisoboti tinglangan, xolos. Bu natijalar, ko‘rsatkichlar bizni qoniqtirmaydi, albatta.
Partiyaning Markaziy kengash raisi o‘rinbosari A.Hamrayev ishtirok etgan anjumanda partiya dasturiy maqsad-vazifalarini bajarish, loyihalarini amalga oshirishda sutkashlikka yo‘l qo‘yayotgan tuman va shahar Kengashlari raislari, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan ayrim deputatlar keskin tanqid qilinib, faoliyatini jonlantirishi yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Majlisda shuningdek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashining joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zMTDP Samarqand viloyati Kengashi matbuot xizmati.