Tajribali jurnalist va ijodkor G‘ayrat Boboqulov 65 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi G‘.Boboqulov 1958 yilda Past Darg‘om tumani Parchaqora qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetida tahsil olgan.

Dastlab, Past Darg‘om tumanida kolxozchi, keyin Bolshevik tumanining “Bolshevik” gazetasida adabiy xodim, Juma shahridagi 55-hunar-texnika bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Sobiq Go‘zalkent tumanidagi “Go‘zalkent ovozi” gazetasida bo‘lim mudiri, 1994-2002 yillarda ushbu gazetaning muharriri, “Past Darg‘om haqiqati” gazetasi muharriri o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yillik esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Uning "Qiy-chuv mahallasidagi hangomalar" kitobi chop etilgandi.

Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati jamoasi chuqur ta’ziya izhor etadi.

Ijodkorning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy qolajak.