Takroriy murojaat: "Ko‘chamiz "arosat"da qoldimi?"

2024 yil sentyabr oyida kanalimizda "Murojaat shaharliklardan, yo‘lga esa tuman xizmat ko‘rsatadi. Ammo ikki hokimlikdan ham murojaatga javob yo‘q", sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilgan edik.

Unda Samarqand shahridagi Dukchiyon, Xaymaribolo, Bekxo va Ko‘l mahallalari raislari murojaat qilib, Samarqand tumani va Samarqand shahri oralig‘idagi yo‘lni ta’mirlash masalasida yordam so‘rashgan edi. Bugun ham aynan ushbu mahallalar raislari hamda faollar tahririyatimizga murojaat qildi.

Unda shunday deyiladi: "Samarqand tumanidagi katta yo‘lning Sartepa massiviga tutashtiruvchi 1 kilometrlik magistral yo‘l to‘rt-besh yildan buyon ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Bu esa yuzlab mahalladoshlarimizga noqulaylik tug‘diryapti. Oqsoqollar, mahallalarimizning faollari bir necha marotaba Samarqand tumani hokimligiga murojaat qildi. Afsuski, obodonlashtirish va yo‘l ta’miri va qurilishiga mas’ul rahbarlar "Mablag‘ yo‘q", deyishdan charchamayapti.

Vaholanki birinchi bor Sizlarga murojaat bilan chiqqanimizda viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi ushbu boshqarma balansidagi mahalliy ahamiyatga ega 4 kilometrlik bu yo‘lga Samarqand tumani yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatilishini ta’kidlab shunday javob bergandi:

“Bugungi kunda ushbu avtomobil yo‘lini ta’mirlash uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanayotganligini va asfaltlash ishlari 2024 yilda qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan Samarqand tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyida amalga oshirilishini ma’lum qilamiz”. Afsuski, berilgan bu va’daga 7 oy bo‘ldi. Biroq ayrim-ayrim joylarni yamoqdek ta’mirlaganini aytmasak, hamon natija yo‘q".

Xo‘sh, bu holatga qanday izoh berish mumkin? Viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi nega 2024 yilning oktyabr oyida bu yo‘l ta’mirlanishini ma’lum qildi-yu, shu vaqtgacha bu ishni amalga oshirmadi? Xo‘p, mablag‘ yo‘q ekan, nega o‘sha paytning o‘zida bu masalani o‘rtaga tashlamadi? Maqsad nima edi - murojaatni va’da bilan yopishmidi?

Biz mazkur holat bo‘yicha mutasaddilardan aniq javob kutamiz.