Talabalar ijtimoiy tarmoqlardagi “murojaati"ni nega inkor etdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Bitta nonga pul topa olmayotgan paytimiz kontrakt puli og‘irlik qilmoqda” sarlavhasi ostida talabalarning murojaat tarqatildi.

Unda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ma’muriyati shartnoma pulini to‘lamagan talabalarni modul tizimidan bloklab qo‘ygani haqida aytilgan. Bitiruvchi kurs talabalari hozir imtihonga qo‘yilmasa, keyin topshira olmasligi, karantin davrida vaziyat e’tiborga olinib, imtihon topshirishlariga ruxsat berilishi so‘ralgan.

Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida iqtisodiyot va agrotexnologiya fakulteti dekanati tomonidan talabalarga jo‘natilgan deb hisoblanayotgan mazkur ogohlantirish xatida imzo yo‘qligi e’tiborga olinsa, hujjat haqiqiy emasligi ma’lum bo‘ladi.

Modul tizimida talabalarning yakuniy nazorat ishlari o‘z vaqtida va belgilangan asoslar bo‘yicha o‘tkazilib kelingan.

Shuningdek, joriy yilning 5 iyun kuni  rektor boshliq institut ma’muriyati tomonidan barcha bitiruvchi kurs talabalari uchun ZOOM formatda onlayn muloqot o‘tkazildi. Bu haqda talabalar ogohlantirilib, ushbu muloqot davomida talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 27 martdagi Bayonotiga ko‘ra, mamlakatimizda joriy etilgan karantin muddatida talabalarning stipendiyalari kechiktirilmaydi. Ya’ni, ular o‘z vaqtida stipendiya olishadi, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari ham to‘lab boriladi. Shunga ko‘ra, talabalarning to‘lov–kontrakt muddati joriy yilning 30 apreliga qadar uzaytirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  Farmonining 11-bandi, “a” qismiga ko‘ra, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddatlari oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan uzaytirilishi belgilab berilgan. Shunga asosan, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori buyrug‘iga ko‘ra, aynan bitiruvchi kurs talabalarining kontrakt to‘lovlari muddati respublikamizdagi pandemik vaziyat, qolaversa, viloyatimizning “qizil hudud” (yuqori havfli) ekanligi inobatga olinib, uchinchi marta joriy yilning 5 iyun sanasiga qadar uzaytirilgan.

Ma’lumot uchun, 8 iyundan institutda DAK imtihonlari boshlanadi. Me’yoriy hujjatlarga binoan, talabalarga DAK imtihonlarini topshirishga ruxsat berilishi uchun institut bilan qilingan shartnoma shartlari bajarilgan bo‘lishi, (kontrakt to‘lovlari to‘langan bo‘lishi)  va talaba belgilangan barcha fanlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim.

Murojaatda quyida nomlari ko‘rsatilgan talabalarga yuborilgan ogohlantirish xatlarining fotosuratlari ilova qilingan:

Mirzaahmedov Mirzohid Shamshiddin o‘g‘li – qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishi, 417- guruh talabasi:

Davronov Sherqo‘zi Esonmurodovich - qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishi, 415-guruh talabasi.

Mazkur murojaatlar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kunning o‘zida bu talabalar institut axborot xizmati bilan bog‘lanib, bu ma’lumotlar yolg‘on ekanligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bayon qilishdi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.