Talabalar muammosi ko‘p, ular qachon bartaraf etiladi?

❓Samarqandda talabalarning o‘qishi va yashashi uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgan?

❓Talabalar uchun qo‘shimcha o‘quv xonalari va yotoqxonalar qurildimi?

❓Darsliklar ko‘paytirildimi?

❓Ayni kunlarda talabalarni qanday muammolar qiynayapti?

Keyingi yillarda yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga kengroq jalb qilish maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasida kvotalar soni oshirildi, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 4 fevraldagi 12-son bayoni bilan qo‘shni davlatlar (Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston)dagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berildi.

Qisqasi, oliy ta’lim muassasalarida talabalar soni oshirildi. Bu bir tomondan yaxshi, ammo ularning o‘qishi va yashashi uchun shart-sharoit yaratildimi?

Talabalar uchun qo‘shimcha o‘quv xonalari va yotoqxonalar qurildimi? Darsliklar ko‘paytirildimi?

Shu haqda internetda “Oliy o‘quv yurtlarida an’anaviy darslar boshlandi. Talabalarni qanday muammo qiynayapti?” mavzusida anonim so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnomada 2150 nafar talaba ishtirok etdi. Ularning 58 foizi talabalar yotoqxonasida joy yo‘qligini bildirgan. 20 foizi jamoat transporti qatnovidagi muammolardan aziyat chekayotgan bo‘lsa, 12 foiz talaba darsliklar yo‘qligi, 10 foizi esa o‘quv xonalari yetishmasligidan qiynalayotgan ekan. Ammo ba’zi talabalar so‘rovnomada keltirilgan muammolarning hammasidan qiynalayotgani, ammo barcha javoblar to‘g‘ri, degan variant berilmaganini ham aytdi.

Talabalar yotoqxonasi o‘quv binosidan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan

Bugun Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun turarjoy yetishmaydi, yotoqxonalar soni cheklangan. Masalan, Samarqand veterinariya meditsinasi institutida 576 ta o‘rinli 2 ta talabalar turarjoyi mavjud. 1-son talabalar turarjoyi o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 300 o‘ringa ega.  2-son talabalar turarjoyi qizlar uchun 276 ta o‘ringa  mo‘ljallangan.

Institutda 6000 nafarga yaqin yoshlar ta’lim oladi, demak turarjoy bilan ta’minlanish bo‘yicha qamrov 10 foizga ham yetmaydi.

Ayni kunda har ikki yotoqxona ta’mirtalab ahvolda. 1-son yotoqxona 2003 yilda viloyatda o‘tkazilgan “Universiada-2003” munosabati bilan joriy ta’mirdan chiqarilgan, 2-son yotoqxona esa umuman ta’mirlanmagan.

Institut axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yilda institut yotoqxonalari Davlat dasturi asosida kapital va joriy ta’mirdan chiqarilishi kerak bo‘lgan, pandemiya va karantin sabab ish ortga surilgan. 2021 yilning ikkinchi choragidan yotoqxonalar va institutning bosh binosida ham ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand davlat tibbiyot institutida 3 ta yotoqxona mavjud bo‘lib, ulardan biri 500, ikkinchisi 200, uchinchisi 400 (jami 1100) o‘rinli. Ayni paytda institutda 800 o‘rinli o‘quv binosi qurilmoqda. Agar bino foydalanishga topshirilsa, o‘quv binolardan biri yangisiga ko‘chiriladi va eski o‘quv binosi talabalar yotoqxonasiga aylantirilishi rejalashtirilmoqda. Institutda talabalarning umumiy soni 6767 nafar (shundan bakalavrlar  5485 nafar,  magistrlar va klinik ordinatorlar 936, xorijiy talabalar 346 nafar)ni tashkil etadi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida bakalavriat, magistratura va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oladigan talabalar soni 2365 nafar bo‘lib, ularga atigi 340 o‘rinli yotoqxona ajratilgan. Talabalar turarjoyi o‘quv binosidan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan, ya’ni talabalar darsga ikkita avtobus almashib qatnaydi.

2014 yilda filial hovlisidan 620 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turarjoyi qurish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi talabalar yotoqxonasini qurishni moliyalashtirishi kerak bo‘lgan. Biroq, hanuzgacha ushbu qurilish ortga surilib kelmoqda.

- Talabalar yotoqxonasi muammosiga biz ham yechim izlayapmiz, - deydi filial direktori Zayniddin Qarshiyev. – 2014 yildagi reja amalga oshmagan, shuning uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga taklif bilan chiqdik. Taklifda davlat – xususiy sherikchilik asosida o‘quv binosi va talabalar turarjoyi qurishni aytganmiz. Ammo davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilish qilsak bo‘ladimi, yo‘qmi bilmaymiz.

Oliy ta’lim muassasasida talabalar turarjoyi yo‘q

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil bo‘lganiga 3 yil to‘ldi. Ammo haligacha universitetda talabalar turarjoyi mavjud emas.

- Hozircha bizga Samarqand davlat universiteti 55 o‘rinli turarjoy ajratgan. Shundan foydalanib turibmiz, - deydi universitetning jamoatchilik bilan aloqalar PR bo‘limi boshlig‘i Nargiza Abduvohidova. - Talabalarimiz 1200 nafar atrofida. Biz yotoqxonaga uzoq viloyatdan kelgan, kam ta’minlangan yoki turar joyga juda muhtoj talabalarni qo‘yamiz. Universitetimiz uchun talabalar turarjoyi va sayyohlar uchun mehmonxona qurish rejalashtirilgan. Talabalar turarjoydan foydalanish bilan birga mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. Rejalashtirilgan talabalar turarjoyi yaqin kelajakda qurilishiga umidvormiz.

Misollarni yana davom ettirishimiz mumkin. Viloyatimizdagi deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida bugun talabalar turarjoyi muammo. Har bir institutda atigi 10-15 foiz talaba turarjoy bilan ta’minlangan. Qolganlari esa ijarada yashaydi, ham kontrakt to‘laydi.

Talabalar shaharda ijara uchun qancha pul to‘laydi?

- Talabalar ijara uyning sharoitiga qarab 120 mingdan 250 ming so‘mgacha to‘laydi, - deydi TATU Samarqand filiali talabasi Tohir Aynoqulov. – Ba’zilari 4 kishi 150 dollarga ijara uyda turadi, ular ijara uchun 400 ming so‘m atrofida pul sarflaydi. Ammo shunda ham kvartira topish juda qiyin.

- Kvartira masalasida qiyinchilik bo‘lyapti, - deydi Samarqand davlat universiteti talabasi Mirfayoz Razzoqov. - Ijaraga ham uy topilmayapti. Mening o‘rtoqlarim Farg‘onadan kelyapti, ikki kishi, kvartira yo‘q. Hozir pandemiya tufayli odamlar ham ijaraga olmaydi.

- Yotoqxonaga asosan uzoq viloyatlardan kelganlar joylashtirilishi kerak, - dedi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi. – Ammo bizda Surxondaryo, Qashqadaryodan kelganlar ijarada yashaydi. Yotoqxonaga esa tanish-bilishchilik asosida yaqin tumanlardagi talabalar joylashtirilgan.

Surishtiruvimiz chog‘ida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, talabalar ijaraga joy topishdan qiynalar ekan. Ayrim uy egalari 4 kishidan ortiq turmaysan, oyiga 150 dollar to‘laysan, deb talab qo‘yadi. Talabalar majburlikdan rozi bo‘ladi. 

Talabalar ijaraga bir oyda o‘rtacha 150-200 ming so‘m atrofida pul sarflaydi. Transportga 1400 so‘mdan borib-kelish 2800 so‘mga tushadi, ya’ni qatnashga 70 ming so‘m atrofida pul sarflanadi. Yeb-ichishidan tashqari talaba bir oyda ijara va transportga o‘rtacha 220 ming so‘m sarflaydi. Agar u o‘quv dargohiga ikkita avtobus bilan borsa yoki qimmatroq ijarada tursa unda xarajati yana oshadi.

Yo‘llardagi tirbandliklar talabalarning kechikib kelishiga sabab bo‘lyapti

Talabalarni qiynayotgan transport muammosi aslida shahar ahlining ham muammosidir. Ayrim hududlarga qatnaydigan avtobuslarga odam ko‘pligidan chiqishning imkoni yo‘q. Buning ustiga koronavirus epidemiyasi yana tarqala boshlagan bir paytda aholi zich jamoat transportining o‘zi xavfli. Hammaning ham taksida qatnashga imkoni yo‘q. Asosan talabalar jamoat transportidan foydalanishga majbur. Yo‘llardagi tirbandlikdan tashqari ba’zi yo‘nalishlarda ertalab va kechqurun avtobuslar to‘la bo‘ladi. Masalan, Qorasuv massiviga qatnaydigan 35-, 27-raqamli avtobuslar pandemiya davom etayotgan bir paytda me’yoridan ortiq odam olyapti. Negaki, massivda aholi soni, asosan shahar ichiga qatnaydigan yoshlar ko‘p, avtobuslar esa kam. Buning ustiga yo‘llardagi tirbandliklar ham talabalarning darslarga kechikib borishiga sabab bo‘lmoqda.

- Yo‘llardagi tirbandliklar sabab imtihonga 10 minut kechikib bordim, - dedi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi. – Aslida yo‘lga bir soat oldin chiqqandim. Keyin meni imtihonga qo‘yishmadi, vaqtida kelmaganing uchun “yiqilding” deyishdi.

Kutubxonada adabiyotlar bor, ammo boshqa tillarda

So‘rovnomada ishtirok etgan 12 foiz talaba mavzuga oid darsliklarning yo‘qligini aytgan. Ayrim oliy ta’lim muassasasi rahbarlari mavzuga oid darsliklar platformaga kiritilgani, talabalar undan elektron tarzda foydalanishi mumkinligini aytishdi.

- Biz foydalaniladigan adabiyotlarni kutubxonadan topsak bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti talabasi. – Ammo ba’zilari rus tilida, o‘zbek tilidagisi yo‘q. Ko‘pincha mavzuga oid adabiyotlarni internetdan elektron tarzda topamiz va kerakli joyini qog‘ozga chiqaramiz. Kitobning elektron variantini telefondan o‘qish qiyin.

- Kutubxonamizda adabiyotlar va undagi ma’lumotlar eskirib ketgan, - deydi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabasi. – Ba’zi kitoblardagi eski ma’lumotlar yangilanib, 2-3 ta kitob qilingan. Ammo undan hamma talabalar foydalana olmaydi. Shuning uchun elektron variantini olib o‘qiymiz. Biroq, ba’zi adabiyotlar hamon rus tilida. Birinchi kursda o‘qituvchilar o‘z fanidan mavzuga oid materiallarni kitob qilib, talabalarga sotardi va ancha daromad qilardi. Institutga yangi rektor kelgach, bunga chek qo‘yildi.

- Biz kutubxonamizdan foydalana olmaymiz, sababi kechki bo‘limda o‘qiymiz, - dedi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi. – Kechki payt kutubxona yopiq bo‘ladi, darslarimiz soat 17:30 dan 20:20 ga qadar o‘tiladi. Kutubxonadan kunduzi foydalansak bo‘ladi, ochig‘i o‘zimiz bormaymiz. U yerda tarix, ona tiliga oid darsliklar bor, biroq mutaxassislikka oid darsliklar tez-tez yangilanib turilgani bois, ularni internetdan olamiz.

So‘rovnomada ishtirok etgan talabalarning 10 foizi o‘quv xonalari yetarli emasligini bildirgan. Fakt va raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida 2365 nafar talabaga 1780 o‘rinli 3 ta o‘quv binosi, Samarqand davlat chet tillar institutida 6343 nafar talabaga 3524 o‘rinli 4 ta o‘quv binosi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bugun o‘quv xonalarining yetishmasligi Samarqand davlat universitetida eng katta muammoga aylangan. Universitetda 27800 nafar talaba uchun atigi 9200 o‘rinli 11 ta o‘quv binosi mavjud.

Talabalarni yana qanday muammolar qiynamoqda?

Samarqand davlat universiteti talabasi: - Talabalarning muammosi birgina turarjoy va darsliklar emas. Ularni qiynayotgan asosiy muammo – bu kontrakt pullari. Ko‘pchilik talabalar kontrakt pullarini to‘lashga qiynaladi. Ba’zilari domla bilan “gaplashib”, haftada ikki kun darsga keladi. Qolgan kunlari mardikor bozorida ishlaydi, ijara, yashashiga o‘zi pul topadi. Ota-onasi bir amallab kontraktini to‘laydi. Ular boshqalar singari qo‘shimcha darslarga bormaydi, til o‘rganish kurslariga qatnamaydi. Bilim olishni istaydi, ammo imkoni yo‘q. Imkoni borlar ingliz, rus tillarini o‘rganyapti. Hozir qayerga ishga bormang sizdan nechta tilni bilishingizni so‘rashadi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabasi: - Kursimizning 50 foizi yakshanba kuni mardikor bozoriga chiqadi. Ba’zilari kechqurun yuk tushiradi, kunduzi darsga keladi. Bizda davomat qattiq nazorat qilinadi. Ayrim talabalar sal yaxshiroq domlaning darsiga kirmaydi. Keyin 10 betlik referat yozib, “nb”dan qutiladi. Talabalarning ko‘pchiligi shaharda o‘qish, yashash uchun o‘zlari pul topadi. Kontrakt summasining qimmatligi ota-onalarni ham, talabalarni ham qiynayapti. 

Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi: - Bizni qiynaydigan muammo – o‘qituvchilar. Kechki bo‘limga bilimli o‘qituvchilar qo‘yilmagan, ba’zilari nomiga dars o‘tib ketadi. Bilmadik, balki kunduzgilarga mahoratli, bilimli o‘qituvchilar dars berar, ammo bizga tajribasiz o‘qituvchilar dars beradi.

Bundan tashqari, kechki bo‘lim talabalarining kunduzi ishlashiga ruxsat berilmayapti. Kechki bo‘lim 100 foiz kontrakt asosida o‘qiydi. Shuningdek, ijaraga 250 ming so‘m beramiz. Kunduzi ishlashga vaqtimiz bor, ammo hech qayerga ishga olishmayapti. O‘tgan yili uch oy maktabda ishladim, 800 ming so‘m atrofida maosh oldim. Uch oydan so‘ng maktab direktori chaqirib, endi senga oylik berolmayman, kechki bo‘limda o‘qiydiganlar ishga olinmasin, degan buyruq chiqqan» dedi. Boshqa kursdoshlarim ham xuddi shunday ishidan ajraldi. Agar kechki bo‘limda o‘qiydiganlarning ishlashiga ruxsat berilsa juda yaxshi bo‘lardi.

Nega OTM rahbarlari talabalar bilan uchrashmaydi?

Bugun talabalarni qiynayotgan muammolarning faqat bir qismini yoritishga harakat qildik xolos. Aslida ularning muammolari ko‘p, ammo yechimini kim hal qiladi? O‘tgan yili oliy ta’lim muassasalarida yaxshi bir tashabbusga qo‘l urilgandi, ya’ni rektorlar talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammosiga quloq tutayotgandi. Bu yil esa hali biror OTMda bunday tadbir o‘tgani haqida eshitmadik.

Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari talabalari bilan tez-tez uchrashib tursa, ularning muammosini vakolati doirasida hal qilish haqida o‘ylasa nur ustiga nur bo‘lardi.

Shuningdek, kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ham yordam tariqasida homiylar topish yoki kontrakt pulini kamaytirish choralari ko‘rilishi kerak. Axir haftada ikki kun darsga boradigan talabadan ertaga qanday yaxshi mutaxassis chiqadi? Biz jahon standartlariga mos yetuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilganmiz va bu haqda qonun hujjatlari imzolangan. Ammo muammolar qurshovida tahsil olayotgan talabalardan yetuk kadrlar chiqishiga kim ishonadi?

Bundan tashqari, mas’ul soha rahbarlari oliy ta’lim muassasalaridagi yotoqxonalarga eng birinchi navbatda uzoq viloyatlardan kelganlar va kam ta’minlangan oila farzandlarini joylashtirishni o‘ylab ko‘rsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Eng muhimi, oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha o‘quv binolari va yotoqxonalar qurilmasa, kelasi yil ushbu muammolar yanada kattalashadi. Qabul kvotalari ko‘paytirilayotgan bir paytda talabalar uchun shart-sharoitlar yaratishni ham o‘ylaylik.

Darsliklar mavzusiga hali qaytamiz.

Xurshida Ernazarova,
«Zarafshon» muxbiri.