Talabalar “School 21” dasturlash maktabi intensiv kursining birinchi bosqichini yakunladi
Bundan uch oy avval Samarqandda ilk bor tashkil etilgan “School 21” IT mutaxassisliklari tayyorlashga ixtisoslashgan dasturlash maktabi xorijiy filialiga tinglovchilar qabul qilingan edi.
Uning birinchi intensiv kursiga 200 nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ahamiyatlisi, “School 21” maskanida ta’lim olish uchun IT sohasiga oid avvalgi bilimlar, ish tajribasi, dasturlash ko‘nikmalari va diplomga ega bo‘lish talab etilmaydi hamda mashg‘ulotlarda ishtirok etish mutlaqo bepul. Bundan tashqari, ushbu maktabda ta’limning 24/7 rejimda tashkil etilgani ham ishtirokchilar uchun bir qator qulayliklarga sabab bo‘ldi. O‘quv mashg‘ulotlari moslashuvchan va doimiy rivojlanib boruvchi kontentga ega raqamli o‘quv platformasida olib boriladi.
“School 21” dasturlash maktabida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)ning 72 nafar talabasi ham qatnashdi. Kurslarda ishtirok etish mobaynida talabalar individual va guruhlarga ajralgan holda, jamoaviy tarzda amaliy dasturlash, kompyuter tarmoqlari, algoritmlar, ma’lumotlar bazalari, mobil ishlab chiqish, Frontend, Backend, ML & DS, Big Data va GameDev singari dasturlarini o‘rgandilar. Muhimi, o‘quv jarayonlari ingliz tilida olib borildi.
Yaqinda “School 21” intensiv o‘quv kursi birinchi bosqich natijalarini e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, keyingi bosqichlarda o‘qishni davom ettiruvchi iqtidorli, bilimli tinglovchilar saralab tanlab olindi. Saralangan tinglovchilar orasida SIUTning 18 nafar talabasi va 1 nafar xodimi o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi.
- O‘tgan qisqa davr mobaynida talabalarimiz dasturlash sohasiga oid yangi bilimlarini egallash bilan bir qatorda ularni amalda qo‘llash, jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, vaqtdan unumli foydalanish va vazifalarini samarali boshqarish kabi ko‘nikmalarni o‘rgandilar, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori Olimjon Yalg‘ashev. - Bu esa ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatida o‘zlashtirilgan bilim va tajribalarni amalda qo‘llashi bilan ahamiyatlidir.