Talabalar va o‘quvchilar uchun qishki ta’til kunlari belgilandi
Oliy ta’lim muassasalari talabalari va akademik litsey hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilariga 2019-2020 o‘quv yili qishki ta’til davri 2019 yil 20 dekabrdan 2020 yil 6 yanvargacha etib belgilandi.
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga umumxalq saylovlari o‘tkazilishi munosabati bilan talabalar va o‘quvchilarning o‘zi doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyida ovoz berishlari uchun qishki ta’til muddati o‘zgartirildi.
Bu haqda tegishli qaror O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga ketadigan talaba va o‘quvchilarning qishki ta’til paytida doimiy yashash joylariga borib-kelishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida joriy yilning 16 dekabridan 22 dekabr kuniga qadar hamda 2020 yilning 1 yanvaridan 6 yanvariga qadar 50 % chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Talabalar va o‘quvchilar bugundan imtiyozli yil chiptalarini xarid qilishlari mumkin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, Transport vazirligi tomonidan:
- talaba va o‘quvchilar uchun qo‘shimcha joylar soni ko‘paytiriladi;
- uch kun muddatda oliy ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan joylarda sayyor kassalar tashkil etiladi.
Qishki ta’til davomida OTMlar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida mavjud bo‘lgan barcha to‘garaklar, sport-sog‘lomlashtirish bo‘limlari, seksiyalari va klublari to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.
2020 yil 6 yanvar, dushanba o‘qishning birinchi kuni etib belgilandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.