Ta’lim muassasalari yangi o‘quv yiliga tayyormi? Samarqandda bunga “Ha”, deb javob berib bo‘lmaydi

Samarqand viloyat hokimligida ta’lim tizimi sifatini oshirish, tayyorlanayotgan kadrlar raqobatbardoshligini ta’minlash, yetuk ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mantiqiy fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash, ta’lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Toshkenboyevning ta’kidlashicha, keyingi yillarda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va ta’lim olish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Afsuski, ushbu sharoitlarga munosib bo‘lgan ta’lim sifati ta’minlanmayayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari haqidagi videolavhalar, reyting ma’lumotlari va o‘rganishlar tahlili buni tasdiqlaydi. Misol uchun, o‘tgan yil reyting natijalariga ko‘ra, faqatgina Samarqand davlat universiteti kuchli o‘ntalikka kirishga muvaffaq bo‘ldi. Oxirgi o‘ntalikka esa Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti kiritilgan.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari ham o‘rganildi. Albatta, bu borada joylarda ishlar boshlangan. Past Darg‘om tumanidagi 1, 28-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari, 56-umumta’lim maktabi hamda Oqdaryo tumanidagi 41-umumta’lim maktabini PISA va PIRLS tadqiqotlariga, shuningdek, yangi 2019-2020 o‘quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Bu maktablarda joriy ta’mirlash ishlari yakunlangan. Maktab hududi obodonlashtirilgan, laboratoriya xonalari yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilgan. Lekin bu kabi maktablar barmoq bilan sanarli.

Yig‘ilishda ko‘plab muammolar o‘z yechimini topmagani, ta’lim muassasalari rahbarlari, ta’limni boshqarish organlari va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yangi o‘quv yiliga hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik masalalariga e’tiborsizlik bilan qaralayotgani tanqid qilindi. O‘qituvchining tayyorgarlik holati, uning mutaxassislik fani bo‘yicha saviyasini oshirish e’tibordan chetda qolayotgani aytildi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

B.XONKELDIYeV.