Ta’lim tizimi: Mudir, bo‘lim boshlig‘i, ekspert, monitoringchi, nazoratchi, taftishchi, o‘rinbosar, uslubchi kabi foydasidan zarari ko‘proq tegadigan vazifadorlar sonini kamaytirish kerak
1974 yildan buyon xalq ta’limi sohasida ishlab kelyapman. Maktab kutubxonachiligidan direktorlikkacha bo‘lgan, bir qaraganda yaqin, ikkinchidan, uzoq yo‘lni bosib o‘tdim. Agar 1964 yilda birinchi sinfga borganimni qo‘shib hisoblasak, qariyb 60 yildan buyon maktab bag‘ridaman. Shu bois sohaning ikir-chikirlaridan yaxshigina xabardorman…
Bugun mamlakatimiz xalq ta’limi tizimini takomillashtirish borasida qizg‘in bahs-munozaralar ketyapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuyinchak insonlar o‘z mulohazalarini bildirayotgani kishini quvontiradi.
O‘zbekiston xalq ta’limi tizimi chuqur islohotlarga muhtoj ekanligi oydinlashmoqda. Nazarimda, tizimdagi eng dolzarb muammo pedagog kadrlar malakasi va mahorati masalasi. Uzoq yillar davomida pedagog xodimlarga kam ish haqi to‘lab kelingani ularning bilim va malakasi sifatining yomonlashuviga olib keldi. Nufuzli universitetlar va boshqa obro‘li ta’lim dargohlariga kirishni eplolmaydigan bitiruvchilarning aksariyati diplomli bo‘lish ilinjida pedagogika oliy ta’lim muassasalarida o‘qiy boshladi. Sho‘ro davrida savdo, moliya, iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi singari sohalarga kadrlar tayyorlab beruvchi oliy ta’lim muassasalariga asosan puldor va amaldorlarning farzandlari borar, pedagoglikka esa nisbatan kambag‘al oilalarning bolalari o‘qirdi.
Mustaqillikdan keyin joriy etilgan test-sinov qabul tartibidan so‘ng iqtidorli, iste’dodli bitiruvchilarni nufuzli OTMlar ohanrabodek o‘ziga tortdi. Natijada pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida o‘rtamiyona talabalar to‘planib qoldi. Mana, yillar o‘tib, ular zimmasiga yosh avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklandi. Ko‘rinib turibdiki, ular bu og‘ir yukni tortishga ojizlik qilishmoqda. Oqibatda muallim-ustozning yuksak obro‘si kundan kunga yerparchin bo‘lmoqda. Kunda bo‘lmasa, kunora o‘qituvchilarning kaltaklanayotgani, kamsitilayotgani haqidagi xabarlar yetib kelmoqda.
Bunda faqat ota-onalar va aka-opalar yoki o‘qituvchilarni bir tomonlama qoralash fikridan yiroqman. Direktorlik davrimda oliy ta’lim muassasalarini bitirib kelgan mutaxassislarni aqlim yetganicha sinovdan o‘tkazib, ishga qabul qilish odatim bor edi. O‘sha yillarda ot bilan olmoshning farqiga bormaydigan tilchilar, koptokning hajmini o‘lchab berolmagan matematiklar, tarjimai holini yozib berishning uddasidan chiqolmagan rus tili o‘qituvchilari, tranzistor nima ekanligini bilmagan fiziklar, fasllar almashinuvi sababini tushunmaydigan geograflar, 60 so‘zli diktantni o‘n beshta xato bilan yozadigan boshlang‘ich sinf muallimalari bilan yuzma-yuz bo‘lganman. Garchand ko‘nglimni topishga uringanlarida ham undaylarni ishga qabul qilmaganman. Afsuski, ular qayerdandir ish topib joylashganlariga ishonchim komil. Chunki qo‘llarida sehrli tayoqcha – diplom bor. Keyinchalik ulardan bittasi nufuzli ta’lim tashkilotida bo‘lim boshlig‘i darajasigacha ko‘tarilganini ko‘rib, sira ajablanmadim. Sababi, ta’lim tizimimizda kadrlarni saralash mexanizmi deyarli ishlamaydi. Uni korrupsiya degan balo komiga tortib ketganiga ancha bo‘ldi. O‘qituvchining mashaqqatli mehnati qadrlanmay qo‘yganini gapirmasa ham bo‘ladi.
Aytaylik, o‘tgan asrning 50-yillarida sobiq ittifoq ta’lim tizimi sifati eng yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan edi. BMTning ta’lim masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘mitasi xulosalariga ko‘ra, sho‘ro ittifoqi o‘sha davrda dunyoda faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. Nega desangiz, partiya va hukumat o‘sha yillari xalq ta’limi tizimi faoliyatini rivojlantirish yo‘lida qattiq sa’y-harakat ko‘rsatgan. Sababi, Ikkinchi jahon urushi bu boradagi nuqson va kamchiliklarni beshafqat ochib tashlagandi. Sobiq ittifoq fan va texnologiyalari G‘arb mamlakatlari darajasidan juda orqada qolib ketganligi ma’lum edi. SSSR o‘shanda G‘arb mamlakatlarining ko‘magiga suyanibgina fashizm ustidan g‘alaba qozonganligi tarixiy haqiqat. Shu bois qatog‘onga uchrab, qamoqqa tashlangan olimlar - ziyolilar zudlik bilan ozod qilindi. Sergey Korolyov raketa va kosmos sohasida, Igor Kurchatov yadro fizikasi bo‘yicha mamlakat mudofaasiga doir tadqiqot ishlarini boshlab yubordi. Xalq ta’limi chuqur isloh qilinib, o‘qituvchilarga yuqori ish haqi berilib, ular jamiyatning erkatoyiga aylandi.
Ustozlarimning xotirlashicha, hali odamlarning qorni nonga to‘ymagan o‘sha og‘ir yillarda muallimning bir oylik maoshiga buzoqli sigir sotib olish mumkin bo‘lgan. Ular yana pulimiz ortib qolib, kelgusi oylikkacha tirikchiligimizga yetgan edi, deb eslaydi. Haqiqatan o‘sha yillarda hayotda nima yangilik bo‘lsa, birinchi navbatda o‘qituvchilarning xonadonida paydo bo‘lardi. Radio, televizor, sovutgich, mototsikl, gilam kabi qimmatbaho buyumlarni dastlab o‘qituvchilar xarid qilganiga guvoh bo‘lganmiz. Yana turli imtiyozlar, kurort-sanatoriy va sayohatlarga yo‘llanmalar ham eng avvalo o‘qituvchilarga berilardi. Uy qurish uchun yer uchastkalari, arzon narxda qurilish materiallarini ham birinchi galda o‘qituvchi olardi. Har xil mahalliy soliqlardan ozod qilinib, elektr, gaz va o‘tin-ko‘mir muallimlar uchun deyarli bepul edi. Shu sabab bo‘lsa kerak, ular kasbiga mehr berib, astoydil mehnat qilardilar.
O‘sha davrlar mahalladoshimiz Eson aka Yunusovning taniqli adib Asqad Muxtor qalamiga mansub “Daryolar tutashgan joyda” qissasi haqida yozgan inshosini ko‘rganman. 11-sinf o‘quvchisi yozgan ushbu besh sahifali inshoga o‘qituvchi Rahim Saidmurodov yetti sahifali taqriz yozib, keyin baho qo‘ygan. Maktab hayoti bilan bog‘liq kichkinagina bu manzara kishida o‘sha davrdagi ta’lim mazmuni haqida katta xulosa beradi.
Qishlog‘imizdagi Lomonosov nomli 6-o‘rta maktabda tevarak-atrof, bu yog‘i Tojikiston chegarasigacha uzoq-yaqin qishloqlardan kelgan yoshlar ijara uylarda turib o‘qirdi. Chunki maktabimiz tumanda nom qozongandi. Ustoz muallimlar ham bu yog‘i Samarqanddan, bu yog‘i Urgutdan qatnab, saboq berishardi. Maktabning yuk avtomobili, traktori, metall va yog‘ochga ishlov beradigan stanoklari, hatto kattagina issiqxonasi ham mavjud edi. Muassasamizning mo‘’jazgina elektr stansiyasi bo‘lib, atrofdagi xonadonlarga yorug‘lik ulashardi.
Ta’limga bo‘lgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasi o‘zini uzoq kuttirmadi. Sobiq sho‘ro davlati ta’lim tizimi izidan fan-texnika rivojlanib, dunyodagi ilg‘or o‘rinlardan biriga chiqdi. Jahonda birinchi bo‘lib koinotga yo‘l ochdi va insonni kosmosga uchirdi. Yuriy Gagarinning parvozi G‘arb dunyosining ko‘zini moshdek ochib qo‘ydi. Shundan so‘ng amerikaliklar ham zudlik bilan ta’lim sohasini chuqur isloh qilishga kirishdi va jahonga mashhur “Qahrabo vodiysi”ni barpo etdilar. Shu tufayli keyingi yutuq ularniki bo‘ldi. Amerika astronavtlari 1968 yilda Oyga qo‘nib, AQSh bayrog‘ini o‘rnatdi.
1965 yilda sho‘ro davlatida hokimiyat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Yangi kelgan hukumat binoyidek ishlab turgan ta’lim tizimini salbiy yo‘nalishda isloh qildi. 11 yillik o‘rta-politexnika maktablari unifikatsiya qilinib, yagona shakl va mazmundagi o‘n yillik o‘rta maktablar va hunar-texnika bilim yurtlariga aylantirildi. Natijada maktablarda bilim sifati susayib, kasb-hunar bilim yurtlari qoloq o‘quvchilarning o‘ziga xos jazo muassasasiga aylanib qoldi. O‘sha men aytgan mashhur ilg‘or maktab ham keyinchalik boshqa o‘rtamiyona maktablardan deyarli farq qilmaydigan oddiy o‘rta ta’lim muassasasiga aylandi.
Afsuski, bu xato keyinchalik mustaqil mamlakatimizda ham takrorlandi. Istiqlol sharofati bilan yangidan paydo bo‘lgan gimnaziyalar, litseylar, kollejlar, iqtidorli bolalar maktablari tugatilib, hammasi bir shakl va mazmundagi o‘rta umumta’lim muassasalariga aylantirildi. Hatto To‘xtamurod Jumayevning mashhur “Qorako‘l maktabi” ham hozir qanaqadir o‘quv markaziga aylantirildi, deb eshitdik. Gap T.Jumayev haqida borar ekan, biz marhum mash’al pedagoglarimiz toshkentlik Oqilxon Sharofiddinov, andijonlik Mamajon Abdurasulov, samarqandlik Hamid Musayevlarning porloq nomlarini alohida mehr-muhabbat bilan eslaymiz. To‘xtamurod akaning vafotidan keyin eslashga arzigulik yana biror ustoz qoldimi?!
Shu o‘rinda maktablarimizda erkak o‘qituvchilarning o‘rni boshqacha ekanligi yana bir marta o‘zining yorqin isbotini namoyon etadi. Xotin-qiz ustozlarimizni kamsitmagan holda shuni aytish lozimki, ularning nozik yelkalari bunday mashaqqatli mehnatga nisbatan zaif ekanligi sezilib qolmoqda. Erkaklarni maktabga qaytarish uchun esa endi anchagina ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, natijalar kutilgandek emasligi ayon bo‘lib bormoqda.
Bugun taqlid qilayotganimiz - xorij ta’lim tizimining yaxshi yoki yomon tomonlari haqida fikr bildirish istagidan yiroqman. Ammo fikri ojizimcha, fin, yapon, turk, koreys, amerikacha ta’lim tajribasini joriy qilishdan avval pedagog kadrlarimiz salohiyatini yaxshilash zarur. Qachonki o‘qituvchilikdek og‘ir kasb sohiblariga loyiq ish haqi to‘lanmas ekan, ko‘rilayotgan boshqa barcha choralar befoyda. Shunday qilinishi kerakki, pedagoglikka bilimda eng sara yigit-qizlar o‘qishni orzu qilsin! Bilishimcha, o‘qituvchi bo‘lishni hozir ko‘pchilik yoshlarimiz orzu qilmayapti. Hatto pedagogika yo‘nalishida o‘qiganlar ham daromadli sohalarga o‘tib ketyapti. Boshqa sohalardan tuzuk ish topolmagan kadrlargina maktablarga noilojdan bormoqda.
Bozorda arava suradigan tanishim bor. “Kuniga yuz-ikki yuz ming ishlamasam, uyga qaytmayman, tog‘a”, - deydi. Albatta, uning bu mehnatini hurmat qilaman. Biroq oddiy hammol oliy ma’lumotli pedagogdan ko‘ra ko‘proq pul topadigan jamiyatda ziyolining obro‘-e’tibori meni tashvishlantiradi...
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, o‘qituvchining maoshi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lsa, o‘sha joyda ta’lim tizimi izdan chiqadi. Eng yuqori maoshni 20 million so‘m (garchand, bundan yuqoriroq bo‘lsa ham), eng kamini 500 ming so‘m deb olganimizda, o‘rtacha miqdor 10 million so‘m atrofida to‘xtaydi. Demak, prezident va’da qilgan ming dollar mantiqiy adolatli maosh ekanligi ma’lum bo‘ladi. Masalaning muammoli jihati shundaki, ayni holatda davlatimiz xazinasi barcha muallimlarga bu miqdorda oylik berishga qodir emasdir.
Menimcha, bunda boshqacha yo‘l bilan ish tutishga to‘g‘ri keladi. Avvalo, bu borada samarasiz ishlayotgan boshqaruv apparatini keskin qisqartirish kerak. Xalq ta’limi boshqarmalari, bo‘limlari tugatilib, o‘rnida xalq ta’limi vazirligi nazoratidagi ixcham va halol ishlaydigan kam kontingentli ta’lim departamentlari tashkil etilishi lozim. Tizimda korrupsiyani urchitayotgan har xil: mudir, boshliq, bo‘lim boshlig‘i, ekspert, monitoringchi, nazoratchi, taftishchi, o‘rinbosar, uslubchi, iqtisodchi, hisobchi, yordamchi singari foydasidan zarari ko‘proq tegadigan vazifadorlar sonini kamaytirib, asosiy e’tiborni amaliy pedagogika bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga qaratish kerak. Ayniqsa, oliy toifali muallimlarning mehnatini qadrlab, Mahmudxo‘ja Behbudiy iboralari bilan aytganda, boshlarini silash zarur. Ana shunday qilinganda, ham o‘qituvchilar, ham maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti paydo bo‘ladi.
Bu borada qilinadigan uchinchi asosiy ish: turli shakldagi ta’lim muassasalarini ko‘paytirish va ularga mustaqil faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib qo‘yish kerak. Mayli, gimnaziyalar, litseylar, kollejlar, IDUMlar, xususiy maktablar, Prezident maktablari, ijod maktablari ko‘payaversin. Har bir tumanda vazir maktablari, har bir qishloqda hokim maktablari tashkil etilsin. Ular bir-biri bilan raqobat qilsin. Xitoyliklar aytganidek, ming xil gul ochilib, ming xil maktab saboq bersin!
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy pedagog.