Tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilsa, nima qilish kerak?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydulleva javob berdi:

— Antibiotiklar tana haroratini tushirmaydi. Tana haroratini 38 darajagacha ko‘tarilishi me’yor holat hisoblanadi, ya’ni inson organizmiga virus tushsa, organizm virus bilan kurashishi va immunitet hujayralari paydo bo‘lishi uchun organizmning harorati 38 darajagacha ko‘tarilishi kerak. Tana haroratini bu darajagacha ko‘tarilishi qo‘rqinchli emas.

Tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilganda, quyidagilar tavsiya qilinadi:

- Vitamin S ga boy suyuqliklarni kuniga 3-4 litrdan ortiq ichish (limon, malina, na’matak, oddiy qora yoki ko‘k choylarni) kerak. Bu o‘z o‘rnida hujayra va to‘qimalarni suvsizlanishining, qon quyulishining oldini oladi va tana haroratini tushiradi;

- Tomoq va burunni tuzli yoki choy sodali suyuqliklar bilan kuniga 8 martadan ortiq chayish;

- 70 foiz spirtni iliqroq suv bilan ilitib tanani artish ham tana haroratini tushirishga yordam beradi.

Tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lsa – yoshga mos ravishda:

- 1 yoshgacha bolaga 100-125 mg,

- 1 – 5 yoshli bolalarga 125-250 mg,

- 5 yoshdan kattalarga 500 mg bir martalik dozada paratsetamol yoki ibuprofen tabletkasi qabul qilinadi, xolos. Shu bilan birga, zudlik bilan oilaviy shifokor bilan bog‘lanish kerak!

Oilaviy shifokor kelguniga qadar vitamin S ga boy suyuqliklarni ko‘proq, ya’ni limon, malina, na’matak yoki oddiy qora yoki ko‘k choylarni kuniga 3-4 litrdan ortiq ichish talab etiladi.

Istisno holatlarda, agarda shifokor kelguncha 4-6 soatdan ortiq vaqt o‘tsa, bu davrda tana harorati 38 darajadan yuqoriga qayta ko‘tarilsa, paratsetamolni yana bir bor qabul qilish kerak.