Taniqli aktyor va rejissyor Armen Jigarxanyan endi faqat kinolarda yashaydi
SSSR xalq artisti Armen Jigarxanyan 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda artistning do‘sti Artur Sogomonyan xabariga asoslanib "Interfaks" ma’lum qildi.
Keyingi yillarda Jigarxanyan tez-tez betob bo‘lgan. Shu yil iyun oyida u insult bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. O‘shanda uning sobiq rafiqasi Vitalina Simbalyuk-Romanovskayaning ta’kidlashicha, izolyasiya davrida kam harakat tufayli aktyorning ahvoli og‘irlashgan.
Armen Jigarxanyan 1996 yildan beri Moskva drama teatrining prezidenti va badiiy rahbari bo‘lib keldi.
Betakror iste’dod sohibi yuzlab kinofilmlarda tomoshabinlar e’tiborini qozongan rollarni ijro etdi. Jumladan, «Qo‘lga tushmas qasoskorlar» filmida shtabs-kapitan, "Uchrashuv joyini o‘zgartirish mumkin emas" filmida Karp bukri, shuningdek, «Oxurdagi it», «Banditli Peterburg», «Derebasovda yaxshi ob-havo», «Klim Samgin hayoti» kabi kinofilmlardagi ijrosi Armen Jigarxanyanni dunyoga tanitdi.
Aktyor spektakllarda ham yorqin rollarni mahorat bilan ijro etdi, o‘zining takrorlanmas ovozi bilan dublyajda qatnashdi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.