Taniqli huquqshunos, qalami o‘tkir ijodkor O‘tkir Jo‘rayev vafot etdi

Ichki ishlar faxriysi, iste’fodagi polkovnik, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘tkir Jo‘rayevning vafot etganligi haqidagi xunuk xabar barchamizni qayg‘uga soldi. Kamtarin inson, yosh ichki ishlar xodimlari va ijodkorlarning ustozi O‘tkir Jo‘rayev 67 yoshda edi.

O‘.Jo‘rayev 1952 yilda Samarqand viloyati Urgut tumani Pochvon qishlog‘ida tavallud topdi.

1980 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning huquqshunoslik fakultetini tamomlagandi. Uzoq yillar ichki ishlar idoralarida fidokorona xizmat qilib, ichki ishlar polkovnigi darajasiga yetgandi.

O‘tkir aka ko‘p yillik faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul xodim, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.

Ijodkor O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi huzuridagi «Ijod» jamoat fondining direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan yillarida yurtimizda yuzlab ijod ahli uchun zarur sharoitlar yaratildi, ularning kitoblari chop etildi. Keyinchalik Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida barakali mehnat qildi.

Saytimiz jamoasi zamondosh va hamfikr do‘stlari, hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qiladi.