Taniqli ijodkor, tajribali jurnalist Azim Qodirov vafot etdi

Hamkasbimiz, uzoq yillardan buyon qator tahririyatlarda ishlagan, viloyat matbuoti rivoji, ravnaqi uchun xizmat qilgan Azim Qodirovning vafot etganligi haqidagi xunuk xabar barchamizni qayg‘uga soldi.
Yetuk jurnalist va ijodkor Azim Qodirov 66 yoshda edi.
A.Qodirov 1955 yilda Kattaqo‘rg‘on shahri, Alisher Navoiy nomli mahallasida tavallud topdi. 1972 yilda shahardagi o‘rta maktabda tahsil olib, oliy o‘quv yurtiga hujjatlarini topshirdi.
1977 yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini bitirib, ish faoliyatini Kattaqo‘rg‘on shahridagi tahririyatdan boshladi. Ko‘p o‘tmay, “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi faoliyat boshladi. 2001 yilda "Zarafshon" gazetasida ishlash bilan birga "Inson va qonun" gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri vazifasida ish boshladi.
Azim aka nafaqaga chiqqanidan keyin ham ushbu tahririyatlardan uzoqlashmadi. Jamoatchi muxbir sifatida gazetada o‘tkir muammoli maqolalari bilan qatnashib turdi. Shu bilan birga ko‘plab yosh muxbirlarga ustozlik qildi.
Azim Qodirov yaxshigina ijodkor ham edi. Uning “Ushalgan orzu” to‘plami, “Ota duosi”, "Qalam - qanotim" qissalari, “O‘ldirsang ham kafansiz, o‘ldirmagin Vatansiz yoxud adashgan banda”, “Oqsoqolni or o‘ldirdi” kabi hikoyalari chop etilgan.
Zamondosh, hamfikr do‘stlari, yelkadosh hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.
Tajribali qalamkash, o‘z kasbiga sodiq, kamtarin inson Azim Qodirov xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi,
viloyat «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati.