Taniqli moturidiyshunos olim ishtirokida onlayn-seminar tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Marmara universiteti hamkorligida Imom Moturidiyning “Ta’vilotul Qur’on” asarining manbalariga bag‘ishlangan onlayn-seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda markaz ilmiy xodimlari va yurtimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va muassasalarning yosh olim va tadqiqotchilari hamda taniqli moturidiyshunos olim, Turkiyaning Marmara universiteti professori Umar Chelik ishtirok etdi.

Markaz axborot xizmatining xabar berishicha, onlayn muloqotda “Ta’vilotul Qur’on” asarining ahli sunna val jamoa tafsirlari orasida tutgan o‘rni, mazkur asarning Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan nusxalari va uning bugungi kundagi ahamiyati mavzularida fikr-mulohazalar yuritildi.

Ma’lumot uchun, 2019 yilda Turkiyaning Marmara universiteti va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka doir memorandum imzolangan bo‘lib, ushbu kelishuv doirasida o‘tgan davr mobaynida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning yanvar oyida Marmara universiteti ilohiyot fakulteti doktori, professor Yusuf Shavqiy Yavuz Imom Moturidiyning turk olimlari tomonidan tarjima qilingan 18 jildlik “Ta’vilotul Qur’on” asarini Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kutubxona fondiga hadya qildi. Bundan tashqari, har ikki davlat yosh olimlarining o‘zaro tajriba almashishi yo‘lga qo‘yilib, xalqaro ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etib kelmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozim, davlatimiz rahbarining 2019 yil Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida ayni vaqtda markaz ilmiy xodimlari tomonidan Imom Moturidiyning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur onlayn-seminar ana shu jihatdan ham ahamiyatlidir.