Taniqli pedagog va mohir tarjimon Muhammadjon Xolbekov vafot etdi

Muhammadjon Xolbekov 1950 yilda Samarqandda tug‘ildi. O‘rta maktabda tahsil olgach, 1967 yilda Samarqand davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi.

Universitetni tamomlab, ilk ish faoliyatinini Samarqand davlat pedagogika institutida boshladi. So‘ngra SamDUda faoliyatini davom ettirdi. Kafedra mudiri, fakultet dekani, filologiya yo‘nalishi bo‘yicha himoya kengashi a’zosi bo‘lib ishladi.

1982 yilda nomzodlik, 1989 yilda doktorlik dissertatsiyasi yoqladi.

1999-2005 yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti fransuz filologiyasi fakulteti dekani va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

2006 yildan Jizzax davlat pedagogika institutida ishladi. Keyingi paytlarda O‘zbekiston jahon tillari universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida yosh tadqiqotchilarga rahbarlik qilayotgan edi.

Izlanuvchan, zahmatkash olim Muhammadjon Xolbekov Samarqand adabiy muhitida kamol topdi va tarjimashunoslik bo‘yicha o‘z maktabini yarata oldi. Fransuz adabiyotidan qilgan o‘nlab tarjimalari nashr etildi. Uni xorijda ham  bilimdon adabiyotshunos sifatida tan olishardi.

"Zarafshon" va «Samarkandskiy vestnik»  gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.