Taniqli tadbirkor, mehnat faxriysi O‘tkir Toshev vafot etdi

Samarqand viloyatida ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlardan biri, ishbilarmon va fidoyi inson O‘tkir Toshev og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.

O‘.Toshev 1954 yilda Paxtachi tumanida tug‘ildi. U butun umrini mamlakatimizda yangi texnologiya asosida ishlab chiqarish korxonalari yaratishga sarfladi. Xususan, Paxtachida sut va o‘simlik yog‘ini qayta ishlovchi zamonaviy korxonalar, g‘isht ishlab chiqarish sexi va qoramolchilik fermasi barpo etdi.

Ish faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Samarqand shahrida uning rahbarligida qurilgan akvaparkda 100 dan ortiq ishchi o‘rni yaratildi.

O‘tkir Toshev hamisha g‘ayrat-shijoati, samimiy munosabati, Vataniga muhabbati bilan barchaga ibrat ko‘rsatdi.

Shu sababli uning xotirasi ko‘pchilik qalbida uzoq vaqt saqlanib qolajak.