Taniqli teatr arbobi, rejissyor, jurnalist Abduaziz Hoshimov vafot etdi

Kattaqo‘rg‘on shahrining asl farzandi, iste’dod sohibi, fidoyi inson Abduaziz Hoshimov 73 yoshida vafot etdi.

A.Hoshimov 1948 yil 16 aprelda Samarqand shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, Toshkent teatr va rassomlik institutining drama va kino aktyori mutaxassisligi bo‘yicha o‘qidi.

Ilk ish faoliyatini Kattaqo‘rg‘on shahar teatrida boshladi. Ushbu san’at dargohi Abduaziz akani kamolotga yetkazdi, elga tanitdi. Teatrda yuzdan ortiq spektakllarda turli obrazlar yaratdi.

Bu orada ma’lum muddat Samarqand, Sirdaryo viloyat teatrlarida ham xizmat qildi, rejissyor sifatida Urgut va Kattaqo‘rg‘on xalq teatrlarida “G‘irrom”, "O‘jarlar”, “To‘ylar muborak” kabi spektakllarni sahnalashtirdi. Urgut va Shahrisabz xalq teatrlarida uning pesalari muvaffaqiyatli qo‘yildi.

Abduaziz aka umrining ellik yildan ziyodini ijod yo‘liga bag‘ishladi va shu vaqt davomida o‘tkir publitsistik maqolalar yozib, viloyatimiz va respublika adabiy muhitida e’tibor qozondi. El orasida so‘zi o‘tkir, fikri teran, jasoratli qalam sohibi, degan nom oldi. Bu fidoyi inson “Zarafshon” gazetasining haqiqiy jonkuyar jamoatchi muxbiri ham edi. 

Abduaziz aka “Teatr - ruhimning quvvati, matbuot - qalbimning tili, san’at - hayotimning mazmuni”, degan gapni ko‘p takrorlardi. Hayotining so‘nggigacha shu aqidaga amal qilib yashadi.

Davlatimiz ham A.Hoshimovning mehnatlarini munosib taqdirladi. “Shavkatli mehnati uchun”, “Ta’lim fidoyisi” kabi medal sohibi edi.

El ardoqlagan jurnalist, san’at ustasi, kamtarin inson Abduaziz Hoshimovning porloq xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi.

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari jamoasi.