Taniqli xonanda Sanobar Matmurodova 54 yoshida vafot etdi
O‘zining diltortar qo‘shiqlari bilan samarqandliklarning qalbidan joy olgan Sanobar Matmurodova asli xorazmlik edi. Uning vafot etgani haqidagi xunuk xabar ko‘pchilikni qayg‘uga soldi.
S.Matmurodova 1968 yilda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ildi. 12 yoshida tor chalishni o‘rgandi, O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitovaga shogird tushdi.
1994 yilda Samarqand davlat universitetining musiqa fakultetida tahsil oldi.
Shundan keyin uning hayoti bevosita Samarqand bilan bog‘landi. Shu yerda yashadi, shu yerda ijod qildi, el xizmatida bo‘ldi, xalqqa tanildi, muxlislar orttirdi.
S.Matmurodovada ayollarda kamdan kam uchraydigan ovoz bor edi. Ijodi, faoliyati davomida Samarqandda o‘nlab shogird tayyorladi.
"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati va Zarnews.uz sayti jamoasi samarqandlik muxlislar nomidan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qiladi.