Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tuzildi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjatda “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” fondining takliflari asosida Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish belgilangan edi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda yangi tashkil etilayotgan jamoatchilik guruhi tarkibi tanishtirilib, tasdiqlandi.
Viloyat hokimi E.Turdimov va “Yuksalish” umummilliy harakati raisi B.Bekmurodov jamoatchilik guruhini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, guruhning vazifalari haqida ma’lumot berdi.
31 kishidan iborat jamoatchilik guruhi tarkibidan viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, deputatlar, nuroniylar va yoshlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari va faollar o‘rin olgan.