Taraqqiyot vositasimi yoki zehniyatimiz kushandasi?

Ajab zamonlar keldi-da. Kechagina kitob, gazeta-jurnal ushlagan qo‘limizda bugun smartfon. Xonamizda kompyuter. “Butun olam kaftingizda namoyon”, deganlari shu bo‘lsa kerak.
Agar bekorchiroq odam bo‘lsangiz, har kuni yuzlab yangi video va rasmlarni tomosha qilishingiz, minglab xabarlarni o‘qishingiz mumkin. Hech bir ish internetsiz bitmaydi. Barcha sohalar “yurib turishi” aynan internet bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, taraqqiyotning bu shiddatli sur’ati ba’zan odamni dovdiratib ham qo‘yarkan.
“Layk”lar ortidagi tanazzul
Instagram, tiktok, bigo live, likee kabi platformalarda ayrim foydalanuvchilar diqqatni tortish maqsadida o‘z hayo va nomusini qurbon qilayotganiga balki ko‘zingiz tushgandir. Axloqiy tanazzul va behayolik odatiy holga aylanib borishi xavotir uyg‘otadi. Chunki rostdan ham axloqsizlik ochiqcha targ‘ib qilinyapti. Yoshlar “layk” va “donat” uchun har narsaga tayyor kimsalarga aylanib borayotganini kuzatish og‘riqli. Bunday videolar faqat ushbu kontent egalarining emas, balki uni tomosha qilayotgan minglab bolalar, o‘smirlar va yoshlarning ongiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Ommaviy platformalarda hayosizlik va buzuqlik oddiy “norma” sifatida qabul qilinyaptiki, go‘yo bu muammo emasdek tuyuladi. Aslida esa bu katta ijtimoiy inqirozning boshlanishi bo‘lishi ham mumkin. Avvalida beparvo qaralgan videolar keyinchalik keng tarqaladi, tanishlar tomonidan ko‘riladi va tasvirdagi “qahramonlar”ning oilasi sharmanda bo‘ladi. Ba’zi hollarda esa ular shantaj quroliga aylanib qolishi mumkin.
“Kiberbulling”
Ijtimoiy tarmoqlardagi “jonli efir” va postlar ostidagi izohlar esa ko‘pincha haqorat, tuhmat va nafratga yo‘g‘rilgan “dil rozlari” bilan to‘lib-toshganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu zo‘ravonlikning yangi shakli “kiberbulling” deb ataladi.
U inson ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim foydalanuvchilar bunday holatlar tufayli tushkunlikka tushib, ba’zilari hatto o‘z joniga qasd qilishgacha boryapti. Shu bois kiberbullingga qarshi maxsus psixologik yordam xizmati joriy etilishini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.
Smartfon va bolalar: ko‘rinmas xavf
Bolalar juda kichikligidanoq gadjetlarga o‘rganib qolyapti. Smartfon va planshetlar ularning ko‘rish qobiliyatiga, miya faoliyatiga, eng achinarlisi, psixologiyasiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. “Quvlashmachoq”, “lanka”, “happak”, “chillak” kabi o‘yinlar deyarli unutildi. Ularning o‘rnini gadjetlar egalladi.
“Birinchi sinfga kelgan bolalarning ayrimlari ustozi va tengdoshlari bilan erkin suhbat qurolmaydi. Harf o‘rganib, yozish, satr tanib o‘qishdan ko‘ra internetdagi “qahramon”larning ismlarini va “trend”dagi ashulalarni yoddan aytish osonroq ular uchun. Ko‘pchiligi tez asabiylashadi, diqqatini jamlashga qiynaladi”.
Bu - qishloqdagi oddiy maktab o‘qituvchisining iqrorlari edi.
Bugun bolalar o‘yinchoq o‘rniga planshet, ertak o‘rniga yutub, o‘yin o‘rniga onlayn muloqotni tanlayotganini siz ham ko‘rib turibsiz-ku! Ular ikki-uch yoshidanoq ekransiz bezovta bo‘ladigan insonlarga aylanayotgani shunchaki gap emas. Bu holat bolalarning muloqot qobiliyati, diqqatni jamlash va ijtimoiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Ekranga ko‘p qaragan bolalarda asabiylik, taassurotlarni anglashda qiyinchilik, so‘z boyligida nuqsonlar kuzatilishi ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan.
Sog‘lom oilaviy muhit jonli muloqot bilan chambarchas bog‘liq ekanini unutib qo‘yyapmiz: ona qiziga telefon orqali xabar yozadi, ota hech narsaga aralashmay, yarim kechagacha yutubdan kino tomosha qiladi, bolalar onlayn o‘yinlarda ishtirok etib, ertalab maktabda uxlab o‘tiradi.
Ajrimlar, tushkunlik, befarqlik, ta’lim sifatida pasayish, ishda mas’uliyatsizlik, hayotda maqsadsizlik... yuqoridagi holatlarning achchiq mevalari bo‘lsa ajabmas.
Reklama tuzog‘i
Ko‘plab odamlar internetdagi yaltiroq va diqqatni tortuvchi reklamalar tuzog‘iga tushib qolyapti. “3 kunda 10 kilogramm ozing!”, “Bir kunda millioner bo‘ling!”, “Smartfonni 90 foiz arzon narxda xarid qiling!” kabi reklamalarga aldanganlar ozmuncha deysizmi.
Reklamachilar psixologik ta’sir bilan odamda qiziqish uyg‘otishadi va tezlik bilan qaror qilishga majburlashadi: “Bugunoq xarid qilmasangiz, ertaga chegirmali aksiyamiz tugaydi”. Oqibatda telefon raqamlari, karta ma’lumotlari o‘g‘irlanadi. Buyurtma qilingan tovar yuborilmaydi. Pulini oldindan o‘tkazib qo‘ygan bo‘lsangiz, 90 foiz holatda undan ayrilib qolasiz. Mabodo o‘sha mahsulot sizga yetib kelgan taqdirda ham, unda oshirib-toshirib maqtalgan sifatlardan asar ham topa olmaysiz.
Shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘g‘irlab, sizni har ko‘yga soladiganlar toifasi esa alohida mavzu.
Mashhurlik javobgarlik hamdir
Ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgan blogerlar faqatgina reklama namoyish etish va o‘zining shohona hayotini ko‘z-ko‘z qilish bilan cheklanmay, axloq, madaniyat, madaniyatli insonlarga xos turmush tarzini ham targ‘ib qilsalar, qanchalar soz bo‘lardi. Chunki ularning har bir so‘zi, xatti-harakati minglab yoshlarga ta’sir qilishi mumkin.
Ayrim hollarda shaxslar virtual olamda o‘zini boshqacha, ideal qilib ko‘rsatishga uringani uchun haqiqiy shaxsiyatidan norozi bo‘lib qoladi. Bu esa o‘z-o‘ziga ishonch yo‘qolishiga olib keladi. Bolalar va yoshlarda tushkunlik va yolg‘izlik hissi kuchayadi. Haqiqiy hayotdagi muvaffaqiyatsizlikni “virtual muvaffaqiyatlar” orqali yashirishga urina boshlaydi. Vaqtni nazoratsiz sarflashi natijasida hayotdagi rejalari o‘lda-jo‘lda qolib ketadi.
“Deepfake” texnologiyasi
So‘nggi yillarda “deepfake” (sun’iy intellekt orqali yaratilgan soxta video va audiolar) texnologiyasi shaxslarning obro‘sini to‘kish vositasiga aylanib qolayotganini ham e’tibordan soqit qilolmaymiz. Mazkur texnologiya, shuningdek, yolg‘on xabarlar orqali jamoatchilik fikri manipulyasiya qilinishi, firibgarlik jabrlanuvchilari soni oshishiga ham sabab bo‘lmoqda. Parlamentimiz quyi palatasida muhokama qilinayotgan yangi qonun loyihasi tasdiqdan o‘tgach, balki shu kabi holatlarga chek qo‘yilar.
Mediasavodxonlik nima uchun kerak?
Smartfonga ega bo‘lish internetdan foydalanish uchun yetarli, ammo aqlli foydalanuvchi bo‘lish uchun mediasavodxonlik zarur. Bu ko‘nikmani o‘zimizda shakllantirish uchun faktcheking (shubhali hisobot va bayonotlarning faktik to‘g‘riligini tekshirish jarayoni) hamda axborot filtratsiyasidan boxabarlik, ma’lumot manbasini aniqlash, reklama va firibgarlikni bir-biridan ajrata olish, noqonuniy kontentdan uzoqlashish, huquq va majburiyatlarimizni bilish kerak bo‘ladi.
Ta’lim maskanlarida mediasavodxonlik bo‘yicha muntazam darslar joriy etilishini qonunchilik asosida yo‘lga qo‘yish fursati yetdi, nazarimda.
Hali umid bor
To‘g‘ri, internetda faqat vaqtni o‘g‘irlaydigan kontentlar emas, balki onlayn darslar, ilmiy kitoblar, kurslar, ta’lim platformalari ham bisyor. Gap yoshlarimiz va bolalarimizni aynan shunday foydali kontentlarga qiziqtira olishimizda!
Bugun dasturiy ta’minot yaratuvchilari, texnologik innovatorlar jamiyatning oldingi safida. Chunki ular yangicha fikrlaydi, masalaga ilmiy yondashadi, muvaffaqiyatga intellektual mehnat orqali erishadi. Farzandlarimizning imkoniyatlarini bilim, ilm va tadqiqot sari yo‘naltirishimiz shuning uchun ham zarur. Yutub orqali dasturlashni o‘rganayotganlar, tan olingan platformalar orqali xalqaro sertifikat sohibi bo‘lganlar, o‘z startapini boshlaganlar ko‘p. Ulardan o‘rnak olib, farzandlarimizni “tomoshabin” emas, “ijodkor” sifatida internetda faollashtirishimiz lozim.
Agar bugun ularni bema’ni kontent, hayosizlikka yo‘g‘rilgan videolar va firibgarlar tuzog‘idan himoya qila olmasak, ertangi kunimiz qanday bo‘ladi?
Internet bilim, axborot, muloqot va imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. U bizni boshqarishidan avval biz uni boshqarishni o‘rgansakkina kelajakka oid xavotirlarimiz chekinishi mumkin.
Nusrat Boboyev.