Targ‘ibotdan maqsad odamlarni bir joyga to‘plab, qog‘ozdan ma’ruza o‘qib berish bo‘lmasligi kerak
Shu yilning noyabr oyi davomida mahallalarda «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» g‘oyasi ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Viloyatimizda ham mazkur tadbirlarda ishtirok etadigan olimlar, teatr aktyorlari, xonandalar, shoir va yozuvchilardan iborat targ‘ibot guruhlari shakllantirildi.
Samarqand shahridagi Yoshlar markazida targ‘ibot guruhlari a’zolari uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. Unda o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlarining maqsadi nimalardan iboratligi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimizga xos azaliy qadriyatlarni aholi orasida targ‘ib qilish, bunda har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining yosh toifasi, oilalar tarkibini inobatga olish zarurligi to‘g‘risida tushunchalar berilmoqda.
- Bu galgi tadbirlar noan’anaviy, o‘ziga xos tarzda o‘tkazilishi kerak, - deydi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yo‘ldoshev. – Maqsad odamlarni bir joyga to‘plab, qog‘ozga qarab ma’ruza o‘qib berish emas, aholining, xususan, karantin davrida tushkunlikka tushgan fuqarolarimizning kayfiyatini ko‘tarish, ular qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni uyg‘otish. Asosiysi, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni odamlarga sodda tilda, oddiy misollar bilan tushuntirish talab etiladi.
To‘lqin SIDDIQOV.