Tarix hikmati: Samarqandlik Hismatovning achchiq qismati

Samarqandda jadid harakati haqida so‘z borsa, tabiiyki, avval Mahmudxo‘ja Behbudiy va “Oyina” jurnali atrofida jamlangan ziyolilar, maktab ochgan ma’rifatparvar shaxslar nomi tilga olinadi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Samarqandda o‘nlab yangi usul maktablari tashkil etilib, ularda yuzlab bolalar yangi dasturlar asosida ta’lim olgan. 1893 yil ilk yangi usul maktabi ochilgan bo‘lsa, 1903 yilga kelib Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida shunday maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi jadid g‘oyalari qisqa vaqt ichida keng tarqalganidan dalolat beradi. O‘quvchilar uchun Behbudiy tomonidan “Risolai asbobi savod”, “Risolai jug‘rofiyai umroniy”, “Kitobat ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi darsliklar yaratilgani ta’lim tizimidagi yangilanishlarni yanada tezlashtirdi.

Jadid harakati tarixga faqat mashhur nomlar orqali bitilmagan. Ya’ni, yangi maktablarda ta’lim olgan, keyinchalik turli sohalarda mehnat qilgan yuzlab yoshlar shu ma’rifat muhiti ta’sirida ulg‘aydi. Afsuski, ulardan ko‘pining nomini vaqtli matbuot sahifalaridan topolmaysiz. Ayrimlarining taqdiri esa keyingi siyosiy voqealar tufayli uzoq vaqt noma’lum qolgan. Ana shunday avlod vakillaridan biri Hikmatulla Hismatov bo‘lib, uning hayot yo‘li jadid muhitida shakllangan ko‘plab insonlar taqdiri bilan mushtarak.

Hikmatulla Hismatov 1898 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. Otasi xizmatchi, so‘ngra Farg‘ona va Andijon hududlarida mirob bo‘lib ishlagan. Arxiv hujjatlarida uning ma’lumoti quyi ekani, rus-tuzem maktabining 2-sinfini tamomlagani keltiriladi. Bu kabi qaydlar o‘sha davrda insonning ijtimoiy maqomini belgilashda muhim ahamiyat kasb etganini hisobga olsak, Hikmatullaning keyingi taqdiri qanday murakkab sharoitlarda kechganini tushunish ancha osonlashadi.

Hikmatullaning o‘zi ta’limni davom ettirishga intildi. Avval rus-tuzem maktabida, keyin Samarqanddagi bilim yurtida tahsil oldi. Uning yoshlik yillari Turkistonda yangi usul maktablari kengayib, maorif sohasida islohotlar kuchaygan davrga to‘g‘ri keladi. 1911 yildan atoqli ma’rifatparvar Abduqodir Shakuriy tashkil etgan yangi usul maktabida to‘rt-besh yil ta’lim oldi. Ushbu maktab o‘sha yillarda Samarqanddagi ilg‘or ta’lim maskanlaridan biri sifatida tanilgan. Shakuriy yangi usul maktablarini ochish barobarida, “Rahnamoyi savod”, “Jomi’ ul-hikoyat”, “Zubdat ul-ash’or” kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratib, ularni o‘z mablag‘i hisobidan nashr ettirgan, Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda maktab dasturlarini ishlab chiqqan. Hikmatulla ma’rifatparvarlik ruhi ustuvor bo‘lgan ana shunday ta’lim muhitida tarbiya topadi.

Shu davrda mintaqada kechayotgan keskin siyosiy o‘zgarishlar ta’sirida Hikmatulla Hismatov jamiyat hayotida paydo bo‘layotgan yangi tashkilotlar faoliyatidan chetda qolmadi. Hujjatlarda qayd etilishicha, 1917 yil fevral inqilobidan keyin Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ittifoq” musulmon mehnatkashlar jamiyati faoliyatida ishtirok etdi. U mazkur jamiyat tarkibida oddiy a’zo sifatida qatnashgani, 1918 yil tashkilot tarqatilgach, faoliyatini kasaba uyushmalari tizimida davom ettirgani haqida ko‘rsatmalarida bildirgan. Shu tariqa, Hismatovning ta’limdan mehnat faoliyatiga kirib kelgan yillari Turkistonda hokimiyat tizimlari tez-tez almashib, kechagina tashkil etilgan jamoat birlashmalari qisqa vaqt ichida qayta nomlanib yoki boshqa tuzilmalar tarkibiga qo‘shilib ketayotgan beqaror davr bilan aloqador.

Hikmatulla Hismatov 1913 yildan maktablar ta’minoti uchun, shuningdek, musulmon qismlarda xizmat qilgan askarlarga moddiy yordam yig‘ish maqsadida o‘tkazilgan ko‘ngilochar spektakllarda ishtirok etgan. 1918-1920 yillarda xizmat vazifasi bilan Xo‘jand, Qo‘qon, Buxoroda ishlagan. Mehnat faoliyati mobaynida bir muddat davlat muassasalarida tilmochlik va tashkilotchilik ishlarini bajaradi.

Ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘lishicha, 1916 yil mashhur “mardikor olish kampaniyasi”da, front orti ishlariga safarbar etilgan ishchilar tarkibida bir eshelonda tilmochlik qilgan, so‘ngra davlat muassasalarida xizmat vazifasini davom ettirgan. Hujjatlarda 1918 yildan kompartiya safiga qabul qilingani ham qayd etiladi. Keyingi yillarda savdo va xo‘jalik tizimida ishlab, qadam-baqadam rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilgani qahramonimiz tarjimai holida alohida ko‘rsatiladi.

1930-yillar boshida respublikada qorako‘lchilik sovxozlarini tashkil etish va xo‘jalik tizimini qayta qurish bilan bog‘liq keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilib, Hikmatulla Hismatov ana shu jarayonlarda xo‘jalik va savdo sohasiga daxldor vazifalarda ishlaydi.

Arxiv hujjatlarida saqlangan arizasida qahramonimiz 1923-1925 yillardan so‘ng aksilinqilobiy millatchilik tashkilotlari mavjudligidan bexabarligini qayd etadi. 1931 yilda qorako‘l sovxozlarini tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlar davomida Fayzulla Xo‘jayev rahbarlik qilgan idoralardan olingan ko‘rsatmalar asosida ish yuritgani, keyinchalik aynan shu xizmat faoliyati tergov materiallarida “aksilinqilobiy tashkilotga aloqadorlik” sifatida talqin qilinganini yozadi. Arizada tashkilotning tarkibi va a’zolari haqida aniq ma’lumotga ega emasligi, o‘zi bajargan ishlar uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekanini bildiradi. Bu hujjat tergov jarayonida olingan ko‘rsatmalar va ayblovlarni rasmiylashtirish amaliyoti qanday kechganini aks ettiruvchi muhim manbalardan biridir. 1937 yilga kelib, ayni shu xizmat aloqalari va xo‘jalik ishlarida yuzaga kelgan muammolar uning taqdirida hal qiluvchi omilga aylandi.

1937 yil dekabrida tayyorlangan ayblov xulosasida Hikmatulla Hismatovga aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga a’zolik, Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi guruh topshiriqlari bo‘yicha “O‘zbekqorako‘l” tizimida qo‘poruvchilik ishlarini olib borish, 1931-1932 yillarda qorako‘l qo‘ylari talafotiga – 250 ming bosh qorako‘l qo‘yning o‘limiga sabab bo‘lish, shuningdek, “O‘zbekbirlashuv” tarmoqlari orqali savdo sohasida zararli ishlarni amalga oshirish (hujjatlarda 1934-1937 yillarda savdo-xo‘jalik faoliyatida xarajatlar sun’iy ravishda oshirilib, davlatga 12-14 million rubl miqdorida zarar yetkazilgan) tarzida bir qator ayblovlar qo‘yildi.

Ayblov hujjatlarida iqtisodiy sohadagi qiyinchiliklar, savdo tizimidagi kamchilik va xo‘jalikdagi muammolar alohida shaxslar faoliyati natijasi sifatida talqin qilingani ko‘rinadi. O‘sha yillarda iqtisodiy rejalarning keskinligi, topshiriqlarning tez-tez o‘zgarishi va joylardagi tashkiliy chigalliklar ko‘plab xo‘jaliklarda muammolar keltirib chiqargan. Biroq 1937 yilgi siyosiy muhitda bunday qiyinchiliklar ko‘pincha xo‘jalik tizimining umumiy muammolari sifatida emas, balki “qo‘poruvchilik” va “zararkunandalik” ayblovlari bilan izohlanib, tergov ishlari uchun asos sifatida qo‘llangan. Ana shu amaliyot doirasida iqtisodiy sohada yuzaga kelgan zig‘ircha kamchilik ham xizmatchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga sabab qilib ko‘rsatilgan.

1937 yil 26 dekabrda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari Apresyan taqdim etgan ayblov xulosasi SSSR prokurori A.Vishinskiy tomonidan tasdiqlanib, ish qisqa muddat ichida sudga oshiriladi. Qahramonimiz O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64- va 67-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining ko‘chma sud majlisi qarori bilan otuvga hukm qilinadi.

Qatag‘on yillarining eng shafqatsiz jihatlaridan biri shunda ediki, jazo ko‘p holda faqat ayblangan shaxs bilan cheklanib qolmas, uning yaqinlari ham aybsiz holda ta’qib girdobiga tortilib ketardi. Tergov hujjatlari va arxiv materiallari bu davrda oilalar butunlay parchalangani, ayollar va bolalarning ham qamalganini ko‘rsatadi.

Hikmatulla Hismatovning turmush o‘rtog‘i Mariya Hismatova ham ana shunday taqdirni boshidan kechirdi. Mariya 1937 yil 30 oktyabrda hibsga olinib, 1939 yil 8 fevralgacha qamoqda saqlanadi. Bu bir yildan ortiq vaqt kechagina umr yo‘ldoshidan ayrilgan ayol uchun yana bir tahqir, kamsitish, xo‘rlik edi. Garchi, hujjatlarda bu davr qisqa sanalar bilan qayd etilgan bo‘lsa-da, buning ortida bir oilaning so‘ngsiz iztiroblari, mohiyatan esa barchaning yurak-yuragiga botmish sanchiq, og‘riqlari yetarlicha bor...

Mariya Hismatova Andijon viloyati Marhamat rayoni Russkoye qishlog‘ida yashab, rayon kasalxonasida 1964 yil 17 sentyabrgacha faoliyat ko‘rsatgan.

Mash’um 4 oktyabr fojiasidan yigirma yil o‘tib, 1958 yil 26 martda Hikmatulla Hismatov ishi qayta ko‘rib chiqilib, u rasman reabilitatsiya qilindi. Biroq kechikkan bu qaror parchalangan oila, ko‘rilgan ming bir azob va yo‘qotilgan hayotni qaytarib bera olmasdi. U faqat tarix sahifalaridagi nohaq ayblovlar bekor qilinganini tasdiqlovchi hujjat sifatida qoldi.

Hikmat shuki, ajdodlar xotirasini asrab-avaylash, ularning kechmishidan saboq chiqarish har bir avlodning muqaddas burchi va mas’uliyatidir.

Rustambek ShAMSUTDINOV,

tarix fanlari doktori, professor.

("Jadid" gazetasining 27 fevral, 9-sonidan)