Tarix tebranishlari

Bu tebranishlar bizni ham tebratib, g‘aflatdan uyg‘otib yuborsa, qaniydi...

Asli kasbim o‘qituvchilik bo‘lgani bois bolalarga har turli, qiziqarli savollar berib yurishni yaxshi ko‘raman. Bir gal ularga shunday savol berdim:

– Mashina qanday yuradi?

– Motori yurg‘izadi, - deyishdi hozirjavoblik bilan.

Ana shundan keyin “innankeyinlar” boshlanib ketdi:

– Motorni nima yurg‘izadi?

– Benzin.

– Benzin qanday yurg‘izadi?

– Yonadi.

– Yonib qanday yurg‘izadi?

– Motor ichida portlaydi.

– Portlasa, motor yorilib ketmaydimi?

– Yo‘q, porshenni harakatlantiradi.

– Qanday harakatlantiradi?

– ...

Xuddi ana shu yerda o‘quvchilarni gazlar termodinamikasining ikkinchi qonunidan xabarsizligi pand berdi.

Ammo Kremlning hozirgi bosh ideologi Vladislav Surkov ushbu fizik qonuniyatni juda yaxshi o‘zlashtirganini namoyon qildi. Uning yaqinda rus ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolasi mazmuniga ko‘ra, xuddi molekulalar harakatida tartibsizlik kuchayganida gazlar kengayganidek, imperiyada ham tartibsizlik ko‘paysa, hududlar kengayishi muqarrar yuz berarmish. Surkov o‘z maqolasida bunga Ivan Grozniydan boshlab tarixdan ko‘plab misollar keltiradi va hozirgi tartibsizlik davrida rus dunyosining kengayishini tabiiy holat, deb yozadi.

Tarix qa’riga juda chuqur kirmasdan jahonning eng yangi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, haqiqatan ham uning haq ekanligi, ammo ma’lum muddatdan so‘ng tarix soati kafgiri teskari yurishiga guvoh bo‘lamiz. 

Aytaylik, 1905 yilda boshlangan birinchi rus inqilobi oqibatida Rossiyada siyosiy boshboshdoqlik avj oldi. Tarix sahnasiga har xil oqimlarga mansub siyosiy guruhlar chiqib kelishdi. Ular oqpodshoni 1914 yilda boshlanib ketgan Birinchi jahon urushiga qo‘shilishga da’vat etishdi. Shu bahonada dindorlar Konstantinopolni g‘ayridinlardan qayta tortib olmoqchi bo‘lsa, harbiylar Bosfor bo‘g‘ozini to‘la egallamoqchi, siyosatchilar esa muqaddam boy berilgan Qrim urushi uchun Yevropadan o‘ch olishga intilishdi. Natijada Nikolay II urushga kirish haqida farmon e’lon qildi va bu uning o‘zi, xotini hamda bolalari qatli uchun o‘qigan hukmi bo‘ldi. Konstantinopol ham olinmadi, Bosfor ham egallanmadi, qasos ham unutildi. Rossiya urushda yengilib, Nikolay taxtidan ag‘darildi, imperiya parchalanib ketdi. 1918 yilda podshoh oilasi bilan bolsheviklar tomonidan qatl etilib qo‘shmozor bo‘ldi.

Yanayam keyinroq sodir bo‘lgan voqealarga murojaat qiladigan bo‘lsak, kechagina o‘zimiz guvoh bo‘lgan tarix yodga tushadi. Inqilobchilarning keksa avlodi dunyoni tark eta boshlagach, yangi paydo bo‘lgan kommunistlar bolsheviklarning avval SSSRda kommunizm qurib, keyin uni butun dunyoga yoyish haqidagi vasiyatlaridan asta-sekin voz kechdilar. Har bir kommunist o‘z xonadonida kommunizm qurishga kirishib ketdi. Xalq oddiy kundalik iste’mol mahsulotlariga zor bo‘lib turgan bir davrda, nomenklaturadagi amaldorlar xuddi kommunizmdagiday yashay boshlashdi. Ular uchun alohida magazinlar, oshxonalar, kasalxonalar, kurort va sanatoriyalar qurila boshlandi. Hatto quyi bo‘g‘in amaldorlariga ham “obkomovskiy” xizmat ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Tabiiyki, bu holat oddiy odamlarga yoqmadi. Mamlakatning turli chekkalarida goh pinhona, goh oshkora xalq noroziligi kuchaydi. Ayrim shaharlarda xalq g‘alayonlari yuz berdi. Surkov nazariyasi bo‘yicha imperiyani kengaytirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

1979 yilning dekabrida sho‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirdi. Shu ma’noda, Afg‘onistonning bugungi fojialari bevosita o‘sha tarixiy gulduroslarning aks sadolaridir. Undan keyin yuz bergan voqealar hammamizga ma’lum. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni sharmandalarcha tark etdi, ko‘p o‘tmay qizil imperiya ham yo‘qlikka ravona bo‘ldi. Aslini olganda, SSSRning tarqalib ketishiga afg‘on voqealari xamirturush vazifasini bajardi.

Rossiya davlati haqida gap ketar ekan, uning tarixidagi ma’lum bir davriylik kishini hayratlantiradi. 1825 yilda dekabristlar poytaxt Sankt-Peterburgdagi Senat maydonida qo‘zg‘olon ko‘tarib, davlat siyosatini isloh qilishga da’vat etishdi.

1865 yilda Rossiyadagi ichki siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilish maqsadida imperiyani kengaytirish uchun Turkistonga tajovuz qilindi. 1905 yilda birinchi rus inqilobi boshlanib, podsho hokimiyatini ag‘darish uchun tamal toshi qo‘yildi. 1945 yilda SSSR (Rossiya) Ikkinchi jahon urushida g‘olib chiqib, yarim dunyoni egalladi. 1985 yilda SSSRni isloh qilish maqsadida qayta qurish siyosati e’lon qilindi.

Agar e’tibor qilayotgan bo‘lsangiz, ushbu tarixiy voqealarning sodir bo‘lishida 40 yillik qat’iy davriylik ko‘rinadi. Tarixning ushbu tartibidan kelib chiqadigan bo‘lsak, 2025 yilda Rossiyada yana bir tarixiy olamshumul voqea ro‘y berishi kutiladi. Omon bo‘lsak ko‘rarmiz...

Tarix kafgirining bu xildagi tebranishlarini umumjahon tarixida yuz bergan va berayotgan voqealar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. O‘rta Osiyodagi birinchi Renessans davrida yurtimizda o‘sha davrning “Nobel mukofoti”ga sazovor yuzlab daholar yetishib chiqdi. Keyinchalik bosqinchi kuchlarning tajovuzi tufayli taraqqiyot tanazzulga yuz tutdi va ilm-fan inqirozga uchradi.

Temuriylar davrida yana milliy uyg‘onish sodir bo‘lib, yuzlab Mirzo Ulug‘bekka o‘xshagan olimlar, Hazrat Navoiyga izdosh o‘nlab shoirlarni hadya etdi. Shundan keyingi tarqoqlik va ma’rifiy tanazzul XX asr boshlarigacha davom etdi. Jadidlarimiz boshlab bergan uyg‘onish namoyondalari bolsheviklar tomonidan dastlab bo‘g‘ilib, tirik qolganlari keyinchalik qonga botirildi.

Yon qo‘shnimiz Afg‘oniston misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida boshlangan taraqqiyot harakatiga kechagina chek qo‘yilib, mamlakat yana yuz yil orqaga ketdi. Bir paytlar Osiyo yo‘lbarsiga aylanish ehtimoli bo‘lgan Eron bugun diniy-klerikalizm botqog‘iga botib, o‘ziga dushman izlash bilan ovora. Yaqindagina dunyo taraqqiyotining dumida yurgan Malayziya, Singapur, Janubiy Koreyada iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy mo‘’jizalar ro‘y bermoqda. Holbuki, yonma-yon, bitta tilda so‘zlashuvchi Shimoliy Koreya har jihatdan dunyoning dumiga aylanib ulgurdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, tarix soati kafgirining qay tomonga tebranishi u yoki bu jamiyatning qaysi tomonga qarab harakat qilishiga bog‘liq ekan. Bu borada prezidentimiz va hukumatimiz olib borayotgan hozirgi siyosat har qanday maqtovlarga loyiq. Ayniqsa, uchinchi Renessansni boshlash uchun ko‘rilayotgan tadbirlar ertaga o‘z samarasini beradi, deb umid qilamiz. Biroq bu yo‘lda hamma narsa silliq va ravon bo‘ladi, degan fikrlar unchalik to‘g‘ri emas. Unda qiyinchilik va mashaqqatlar, qolaversa, ko‘zga ko‘rinmaydigan g‘ov va to‘siqlar ham mavjud. Bular orasidan men yirik mamlakatlar tomonidan davlat egamenligimizga bosimlar, diniy qarashlarning radikallashuvi, aql egalarini yurtimizni tark etayotganligi, makroekonomikamizda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar, keng avj olib ketgan korrupsiya va fikriy yalqovlik singari omillarni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. Albatta, bu boradagi muammolar asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, bartaraf etiladi, deb ishonamiz.

Xalqimizning bir ziyolisi sifatida bugun meni bezovta qilib turgan eng katta muammo yoshlarimizning kelajagi masalasidir. Ma’lumotlarga qaraganda, ko‘plab qobiliyatli farzandlarimiz chet elga o‘qish, ish izlab ketib deyarli qaytmayapti. Yurtimizda qolganlari ham erta yaxshiroq yashaylik deb, serdaromadroq yo‘llarga kirib ketishmoqda. Toshkent, Samarqand, Andijon va Namangandagi maktablarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, a’lochi o‘quvchilarimiz o‘qituvchi, injener yoki shifokor bo‘lmoqchi emas. Ular asosan tadbirkor, biznesmen, prokuror yoki sportchi bo‘lishmoqchi. Xo‘p, malakali injener yoki shifokorlarni xorijdan taklif qilishimiz mumkindir. Ammo yuqori malakali o‘qituvchilarni chet ellardan olib kelishning sira iloji yo‘q. Yana kunimiz o‘sha o‘rtamiyona kadrlarga qoladigan bo‘lsa, uchinchi renessans shubha ostiga qolmaydimi?

Ko‘rinib turibdiki, dunyo miqyosidan tortib chekka qishloqlarimizgacha siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy-tabiiy muammolar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Iqlimning global iliqlashuvi oqibatida olamshumul jarayonlar boshlanib, olis Pomir tog‘laridagi asriy muzliklarning erib bitishi oqibatida ming yillik buloqlarimiz qurib qolishi mumkin ekan. Demak dunyo uzviy, dunyo yagona. Uning tebranishlari zora bizni ham tebratib, g‘aflatdan uyg‘otib yuborsa...

Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi.